“Budjet soʻrovlarini koʻrib chiqish” mavzusidagi oʻquv-amaliy seminari boʻlib oʻtdi
2026-01-30 21:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ushbu seminar davomida joriy yilning 27-yanvar kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligining 40 ga yaqin xodimlari uchun “Budjet soʻrovlarini koʻrib chiqish va tahlil qilishda Iqtisodiyot va moliya vazirligining roli” mavzusida taqdimot oʻtkazildi (tarmoq vazirliklari budjetlarini koʻrib chiqishning ahamiyati va maqsadi, xarajat turlari (joriy, kapital va maʼmuriy xarajatlar) boʻyicha budjet soʻrovlarini baholashning umumiy yondashuvlari, jumladan ularning xarajatlarning cheklangan miqdorlariga muvofiqligini taʼminlash boʻyicha talablar koʻrsatib oʻtildi).
28-yanvar kuni esa ekspertlar tomonidan “Kapital qoʻyilmalar boʻyicha xarajatlarni koʻrib chiqish usullari va vositalari” yuzasidan taqdimot oʻtkazildi va bunda kapital qoʻyilma xarajatlari yuzasidan soʻrovlarni baholashdagi asosiy masalalar, amalga oshirilayotgan hamda yangi loyihalar oʻrtasida ustuvorliklarni belgilash, saqlash xarajatlari va boshqa tegishli joriy xarajatlar bilan taʼminlanganligini oʻrganish yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Oʻz navbatida, seminarning keyingi kuni esa “Joriy xarajatlar loyihalarini koʻrib chiqish usullari va vositalari tahlili” boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Bunda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni tahlil qilish va koʻrib chiqish, shuningdek, subsidiyalar va transfertlar boʻyicha xarajatlarni koʻrib chiqish jarayonlari yuzasidan xorijiy ilgʻor tajribadan misollar keltirildi.
Seminarning soʻnggi kunida barcha ishtirokchilar bilan birga oʻtilgan uch kunlikdagi mavzularni takrorlagan holda, eskpertlar tomonidan mamlakatimizda budjet soʻrovlarini koʻrib chiqish jarayonlarini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
Mazkur taklif va tavsiyalar asosida yaqin kelajakda budjet soʻrovlari bilan bogʻliq tegishli normativ-huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishi hamda tizimni takomillashtirish yuzasidan Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ekspertlari bilan hamkorlikning davom ettirilishiga kelishib olindi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi









