EKSPORT, INVЕSTITSIYA VA BANK TIZIMI: “O‘ZBЕKISTON – 2030” STRATЕGIYASI QANDAY TAKOMILLASHTIRILMOQDA?
2026-01-15 21:30:00 / OAV biz haqimizda

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida o‘tkazilgan bu galgi matbuot anjumani takomillashtirilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining “2030-yilga qadar iqtisodiyotni rivojlantirishning zamonaviy modelini shakllantirish, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va bank tizimida islohotlarni jadallashtirish” yo‘nalishiga bag‘ishlandi.
Tadbirga Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Markaziy bank vakillari, ekspertlar, OAV vakillari va jurnalistlar taklif etildi.
Anjumanni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov olib bordi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida muayyan yutuqlarga erishilgani, bir vaqtning o‘zida hayotning o‘zi yangi vazifalar, yangi talablar va yangi chaqiriqlarni kun tartibiga qo‘yayotgani, shu tufayli Strategiyani mavjud real sharoit, jamiyat ehtiyojlari hamda jadal o‘zgarayotgan global tendensiyalardan kelib chiqqan holda takomillashtirish zarurati yuzaga kelyotganini ta’kidladi.
Anjumanda takomillashtirilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida belgilanayotgan ko‘rsatkichlarning tahlili bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar vakillari ma’lumot berdi.
Jumladan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri maslahatchisi Abdulla Hoshimov takomillashtirilayotgan Strategiya loyihasida mazkur vazirlikka tegishli maqsadli ko‘rsatkichlarning amalga oshirilishi bo‘yicha gapirib berdi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida asosiy kapitalga kiritiladigan investitsiyalar hajmining yillik o‘rtacha 5–7 foiz atrofida o‘sishini ta’minlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmini dollar hisobida yillik o‘rtacha 7 foizga oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda umumiy qiymati 150 milliard dollar bo‘lgan 400 dan ziyod strategik ahamiyatga ega texnologik va infratuzilmaviy investitsiya loyihalarini amalga oshirish vazifalari belgilangan.
– 2030-yilga kelib O‘zbekiston jahon bozorida tayyor mahsulot yetkazib beruvchi yetakchi davlatlardan biriga aylanishi kerak. Shunidan kelib chiqib, eksport hajmini 2030-yilgacha 67 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilingan. Amaldagi Strategiyada 2030-yildagacha 45 mlrd dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan edi. 2026-yilning o‘zida 40 mlrd dollarga yetkazishni belgilab olganmiz. Eksport qilishda xalqaro standartlar joriy qilingan korxonalar sonini 5 mingtaga yetkazish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar hajmini 3,3 barobar (ulushini 70 foizgacha) ko‘paytirish, Yevropa davlatlariga GSP + va boshqa tizimlar doirasida tayyor va texnologik mahsulotlar eksportini kengaytirish rejalashtirmoqdamiz. “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” g‘oyasi asosida milliy brendlarni xorijiy bozorlarga olib chiqadigan jami 200 ta eksportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilayapmiz. Amaldagi strategiyadagi ko‘rsatkichga “200 ta” so‘zi qo‘shilmoqda. Hozirda “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan eksportchilar har tomonlama qo‘llab-quvatlanib kelinmoqda. Xususan, 27 ta korxona rasmiy brend va savdo belgisiga hamda 13 ta korxona savdo belgisiga ega bo‘ldi, 27 ta xalqaro ko‘rgazma va yarmarkada ishtirok etish uchun 257 ta korxonaga 19,3 mlrd so‘m moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Umuman olganda, bugungi imkoniyat va mamlakatimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar natijasidagi salohiyatimizdan kelib chiqib, marralar ancha yuqori olinmoqda. Aminmanki, bu marralarga ham birgalikda erishamiz, – dedi Abdulla Hoshimov.
Tadbir davomida Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Ibrohim Qosimxo‘jayev yangilanayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 baravarga oshirish hamda O‘zbekistonni “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kiritish maqsadi haqida ma’lumot berdi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining samaradorlik ko‘rsatkichlari doirasida yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollarga yetkazish, aholi jon boshiga daromadni 5 ming dollardan oshirish hamda davlat qarzining YAIMga nisbatini 50 foizdan oshirmaslik masalalarini tahlil qilib berdi.
Markaziy bank departament direktori Ravshanbek Qodirov bank tizimidagi islohotlarni jadallashtirish, bank xizmatlari bozori hajmini kengaytirish hamda sohada raqobatni rivojlantirish borasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan masalalarni gapirdi.
– Strategiya loyihasida 2030-yilga borib yillik inflyatsiyani 5–6 foiz darajasida barqarorlashtirish, bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmini 720 trillion so‘mga yetkazish, tijorat banklari depozitlari qoldig‘ini 560 trillion so‘mgacha oshirish hamda davlat banklari aktivlarining jami bank tizimi aktivlaridagi ulushini 55 foizgacha kamaytirish vazifalari belgilangan. Shundan kelib chiqqan holda bugundan maqsadli ko‘rsatkichlarimizni belgilab olayapmiz, – deydi R.Qodirov.
Matbuot anjumani qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi.







