“Ernst & Young” auditorlik kompaniyasi xalqaro vakillari bilan buxgalteriya hisobi va audit sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhokama qilindi
2026-01-28 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur uchrashuv davomida soʻnggi yillarda buxgalteriya hisobi va audit sohalarida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS, IFRS)ni joriy etishning yangi bosqichi, shuningdek auditorlik sohasini xalqaro ilgʻor tajribalar asosida yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar auditorlik va moliyaviy hisobot sohasida shaffoflikni taʼminlash, investorlar ishonchini mustahkamlash hamda xalqaro standartlarga mos tizimni shakllantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning ahamiyatini alohida taʼkidlab oʻtdi. Shu bilan birga, “Ernst & Young” auditorlik kompaniyasi vakillari tomonidan mamlakatimizda ushbu sohada olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar eʼtirof etildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-sentabrdagi PQ-282-sonli qarorida belgilangan vazifalar va ularning ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar soha rivojiga yuqori darajada eʼtibor qaratilayotganini yaqqol ifodalab berishi qayd etildi.
Shuningdek, auditorlik tashkilotlari ishi sifati nazoratini taʼminlash, audit xizmatlari koʻrsatishga doir masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ushbu masalalar auditorlik faoliyatida mustaqillik va xolislikni taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar buxgalteriya hisobi va audit sohalarini yanada takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishda doimiy va samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
