2025-yil 30-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat budjeti daromadlarini prognozlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–397-sonli Qarori imzolandi
2026-01-07 17:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Qarorga muvofiq, quyidagi muhim yoʻnalishlar boʻyicha tizimli oʻzgarishlar amalga oshiriladi:
- 2026-yilda prognoz koʻrsatkichlarini tasdiqlashning yangi tartibi
– Davlat budjeti daromadlari boʻyicha choraklik prognoz koʻrsatkichlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan daromad manbalari hamda choraklar kesimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
– prognoz koʻrsatkichlari tasdiqlangandan soʻng uch ish kuni ichida tuman va shaharlarning budjet daromadlari boʻyicha daromad manbalari hamda choraklar kesimidagi prognoz koʻrsatkichlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari qarori bilan tasdiqlanadi;
– Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri uchun belgilangan daromadlarning prognoz koʻrsatkichlariga oʻzgartirishlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda kiritilishi mumkin.
- Davlat budjeti daromadlarini prognozlashda raqamli texnologiyalarni joriy etish
2026-yildan boshlab davlat budjeti daromadlarini prognozlash va hisoblash jarayonlari Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimi orqali avtomatlashtirilgan shaklda amalga oshiriladi.
Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimi orqali vazirlik va idoralar axborotlari toʻliq integratsiya qilinadi.
- Kadrlar salohiyatini oshirish va metodologiyani takomillashtirish
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman va shahar hokimliklari mutaxassislari uchun mazkur Qarorning mazmuni, vazifalari va kutilayotgan natijalarini tushuntirishga qaratilgan oʻquv-treninglar tashkil etiladi.
Shuningdek, davlat budjeti daromadlari prognozini ishlab chiqish tartibi va hisoblash metodologiyasini yanada takomillashtirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga aniq takliflar kiritib boriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
