DOMiNO Ventures O‘zbekistonda startapni rivojlantirishga 50 million dollar sarmoya kiritadi
2025-07-26 18:30:00 / OAV biz haqimizda

“DOMiNO Ventures” venchur kompaniyasi mintaqadagi venchur kapital bozorining eng faol ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. Jamg‘arma Qozog‘iston, O‘zbekiston, Gruziya, Ozarbayjon kabi davlatlar, shuningdek, Yevropa va Turkiyada faoliyat yuritadi. So‘nggi besh yil ichida mintaqada jadal o‘sish kuzatildi: startaplar soni 4,5 barobarga ko‘paydi (4500 dan ortiq), venchur bitimlarning umumiy hajmi 2024 yilda 120 million dollarga yetdi.
Uchrashuvda jamg‘arma vakillari hududiy startap muhitini rivojlantirish bo‘yicha joriy tashabbus va rejalari bilan tanishtirdi. Sunʼiy intellekt sohasidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “BetterFuture AI Acceleration” dasturiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, jamg‘arma sarmoya kiritgan quyidagi o‘zbek startaplarining muvaffaqiyatli namunalari taqdim etildi:
“Tass Vision” – sunʼiy intellektga asoslangan videotahlil tizimi;
“PointAi” – elektron tijoratni qo‘llab-quvvatlash uchun yechim;
“Datatruck” – yuk tashishda logistikani optimallashtirish platformasi.
Kompaniya keyingi 5 yil ichida mintaqaga 50 million dollarlik investitsiya kiritish rejalari, shuningdek, qiymati 100 million dollar atrofida bo‘lgan 20 dan ortiq startaplarni moliyalashtirishi alohida qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuvda “DOMiNO Ventures” venchur kompaniyasi va “«UzVC” milliy venchur fondi hamkorligida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishga kelishildi.
Shuningdek, belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida professional bilim va tajribalarni bo‘lishish bo‘yicha ham fikrlar almashildi hamda startap ekotizimini rivojlantirish maqsadida hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.
