“Merosni rasmiylashtirishning oʻziga xos xususiyatlari” mavzusidagi 4-xalqaro konferensiya doirasida ma'ruzasi (11.09.2024)
2024-yil 11 sentyabr kungi tadbirga kirish so‘zi.
Reglament bo‘yicha 10 daqiqa vaqt ajratilgan.
KIRISH SO‘ZI
Assalomu alaykum, xonimlar va janoblar bugungi tadbirimizda sizlarni ko‘rib turganimizdan bag‘oyat xursandmiz.
Kirish qism
So‘zimni boshida ushbu tadbirni tashkil etishda o‘z hissasini qo‘shgan Xalqaro notariuslar ittifoqi prezidenti Lioniyel Galliyez janoblariga, Xalqaro notariuslar ittifoqi prezidentining kontinentlar bo‘yicha o‘rinbosarlariga, Xalqaro hamkorlik komissiyasi Prezidenti Richard Bok janoblariga, Xalqaro notariuslar ittifoqi Osiyo Ishlari Komissiyasiga, shuningdek konferensiyaga tashrif buyurgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirmoqchiman.
Ushbu xalqaro konferensiyada dunyoning 30 dan ortiq davlatlaridan 100 dan ortiq notariat sohasida faoliyat olib boruvchi vakillar, shu jumladan turli davlatlarning Notarial palatalari rahbarlari, notariuslar va boshqa taniqli huquqshunoslar ishtirok etmoqda.
Kecha bo‘lib o‘tgan Osiyo ishlari bo‘yicha komissiyaning 14-yalpi majlisi Sizlarning ishtirokingizda ko‘tarinki ruhda tashkil etilganligini hamda tadbirlar notariat sohasini rivojlantirishga oid fikrlar va o‘zaro tajriba almashish yo‘li bilan o‘tayotganligini alohida taʼkidlamoqchiman.
Shu fursatdan foydalanib, Sizlarning barchangizga qimmatli vaqtingizni ayamasdan O‘zbekiston zaminiga tashrif buyurganingiz uchun tashakkur bildiraman.
Xush kelibsiz qadimiy va navqiron Samarqand shahriga!
Asosiy qism
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Bugungi tadbirimiz doirasida “Merosni rasmiylashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida fikr almashamiz.
Bu mavzu bugungi kunda notariat sohasida faoliyat yurituvchi har bir shaxs uchun muhimdir.
Barchamizga maʼlumki, notariat institutining jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shu jumladan mulk huquqi kafolatlarini taʼminlash, nizolarni oldini olishdagi o‘rni beqiyos hisoblanadi.
Shu boisdan, mazkur sohada olib borilayotgan islohotlarni tahlil qilib, fikr almashib, sohani yana-da takomillashtirish muhim vazifalarimizdan biridir.
Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarning notarius xizmatlaridan foydalanishida ularga tezkorlik va yengillikni taʼminlash, ortiqcha qog‘ozbozlikni bartaraf etish, ularning dunyoning istalgan joyidan turib notarial harakatlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratish asosiy maqsadlarimizdan hisoblanadi.
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
O‘zbekistonda notariat sohasini isloh qilish borasida borasida izchil amaliy chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, O‘zbekistonda 2020 yildan xususiy notariuslar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Notarial palatasi tashkil etildi, uning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi.
2022 yilda O‘zbekiston Notarial palatasi Xalqaro notariuslar ittifoqining 91-aʼzo sifatida aʼzolikka qabul qilindi.
Bu esa, o‘z navbatida O‘zbekiston notariatining Xalqaro notariuslar hamjamiyatda o‘z o‘rnini mustahkamlashga yo‘l ochib berdi.
Shu o‘rinda, so‘nggi yillarda O‘zbekiston notariatida sohani raqamlashtirish va merosni rasmiylashtirish borasida bir qator salmoqli ishlar amalga oshirildi.
“Notarius” axborot tizimiga huquqiy maqom berildi. Barcha notarial harakatlar ushbu tizimda ro‘yxatga olinishi yo‘lga qo‘yildi va qog‘oz shaklidagi reyestr kitoblarini yuritish bekor qilindi.
Notarial harakat rasmiylashtirish uchun fuqarolardan talab qilinadigan hujjatlar idoralararo elektron hamkorlik orqali notarius tomonidan mustaqil ravishda olinishi yo‘lga qo‘yildi.
Fuqarolarning notarius xizmatlaridan foydalanishi uchun “E-notarius.uz” axborot portali ishga tushirildi. Ushbu portal orqali fuqarolar o‘zlariga yaqin notariusni aniqlash, notarius qabuliga navbatga elektron yozilish, ishonchnomaning qonuniy kuchda egaligini, meros ishi ochilganligini aniqlash, masofadan turib elektron murojaat qilish, mulkka bo‘lgan taqiqni tekshirish imkoniyatlaridan foydalanib kelmoqdalar.
Xususiy notarial faoliyatni litsenziyalash to‘liq elektron shaklda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
Raqamlashtirish natijasida notarial harakatlarni rasmiylashtirishda eksterritoriallik prinsipi joriy etildi.
Joriy yilning boshida O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib yangi formatdagi onlayn (masofadan turib) notarial harakatlarni rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yildi, shuningdek bu yo‘nalishdagi ishlar kengaytirib borilmoqda.
Hozirda 9 turdagi, jumladan avtomototransport vositalari oldi-sotdi shartnomalari va barcha turdagi ishonchnomalarni tasdiqlash, arizalar va hujjatlardagi imzolarning haqiqiyligini shahodatlash, hujjatlarning bir tildan boshqa tilga to‘g‘ri tarjima qilinganligini shahodatlash kabi notarial harakatlarni videokonferensaloqa orqali onlayn tarzda dunyoning istalgan nuqtasidan rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi.
2024 yilning o‘tgan davrida fuqarolarimiz tomonidan ushbu onlayn notarial xizmatlardan 33 mingdan ortiq marotaba foydalanildi.
Shuningdek, notarial harakatlarni amalga oshirishda ortiqcha qog‘oz va vaqt sarfini oldini olish maqsadida notariuslar tomonidan elektron shaklda olinadigan maʼlumotlarni chop etish va hujjatlar yig‘majildiga tikish talabi bekor qilindi hamda ushbu maʼlumotlarni tizimda avtomatik elektron tarzda saqlash tartibi joriy etildi.
Meros ishlarini rasmiylashtirishda merosxo‘rlar doirasini aniqlab beruvchi elektron shajara dasturi yaratildi.
Bundan tashqari, qabul qilinishi rejalashtirilayotgan Fuqarolik kodeksining yangi loyihasida merosni qabul qilishda merosxo‘rlarga merosni qabul qilish muddatlarini joriy etish va umumiy birgalikdagi mulk bo‘lganda merosni rasmiylashtirish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish kabi masalalar ilgari surilmoqda.
Vazirlik tomonidan yaqin kelajakda notariat institutini yana-da rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib, quyidagilar rejalashtirilganligini ham taʼkidlamoqchiman.
Xususan, notarial tasdiqlash uchun yangi notarial xizmatlar joriy etish, fuqarolarining shaxsini zamonaviy axborot texnologiyalari (barmoq izi va Face-ID) yordamida aniqlash tizimini yo‘lga qo‘yish, bo‘lajak notariuslar uchun stajirovkani ikki bosqichda (nazariy va amaliy) o‘tashni yo‘lga qo‘yish, sodir etilgan qoidabuzarlik uchun xususiy notarius litsenziyasini to‘xtatib turish yoki tugatishdan tashqari, javobgarlikning muqobil turlarini joriy etish kabi bir qator muhim masalalar nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston tomonidan notariat sohasida xalqaro aloqalarni o‘rnatish va uni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Bugungi kunda Germaniya, Fransiya, Italiya, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Vyetnam, Mongoliya, Dominika, Benin, Ukraina, Litva, Belarus, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa davlatlarning notariat sohasidagi tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.
Kelgusida ushbu hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash, notariat sohasini raqamlashtirishga qaratilgan islohotlarni davom ettirish va notariat tizimi rivojlangan xorijiy mamlakatlarning samarali tajribasi qonunchiligimizda aks ettirishni maqsad qilganmiz.
Yakuniy qism
Butun dunyo huquqshunoslari o‘zaro tajriba almashish hamda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali yuzaga keladigan muammolarni birgalikda tartibga solish mumkin. Bu esa sohani rivojlanishiga zamonaviy, tushunarli va barcha hurmat qilib, itoat etadigan huquqiy zamin yaratishga xizmat qiladi.
O‘ylaymizki, bugungi tadbirimiz natijasida notariat sohasi va Notarial palata faoliyatini yana-da takomillashtirish bo‘yicha yangi taklif va g‘oyalar olamiz.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
