✅O‘zbekistonda izchil va soddalashtirilgan normativ-huquqiy baza sari
2025-10-29 17:45:00 / Vazirlik yangiliklari

🔹Bugun, Adliya vazirligi, Germaniya Xalqaro Huquqiy Hamkorlik Jamg‘armasi (IRZ) va Latviya Adliya vazirligi hamkorligida, Yevropa Ittifoqi homiyligidagi “Twinning” loyihasi doirasida “O‘zbekistonda izchil va soddalashtirilgan normativ-huquqiy baza sari” mavzusida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi.
🔸Tadbirda Yevropa Ittifoqi, Germaniya va Latviya elchixonalari vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, xalqaro tashkilotlar hamda 20 dan ortiq vazirlik va idora mutasaddilari ishtirok etdi.
🔹Simpoziumda qonunchilikni tizimlashtirish va soddalashtirish, shuningdek, tartibga solish ta’sirini baholash tizimi va uni takomillashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
▪️Mamlakatimizda 2021-yildan buyon qonunchilik hujjatlari va ular ta'sirini baholash tartibi joriy etilgan bo'lib, 2024-yildan loyihalarni ishlab chiqishdan oldin, ularning konsepsiyasi asosida baholash tartibi yo'lga qo'yildi. Buning natijasida so'nggi 3 yilda qonunchilik hujjatlari loyihalaridan asossiz loyihalar chiqarib tashlanib, 660 mln AQSh dollaridan ziyod xarajatlarning oldi olindi.
▪️Shuningdek, 35 mingdan ortiq majburiy talablar qayta ko‘rib chiqildi, 160 dan ziyod ruxsatnoma va litsenziyalar qisqartirildi hamda 3 mingga yaqin ahamiyatini yo'qotgan hujjatlar bekor qilindi.
🔹Tadbir doirasida Germaniya va Latviya mutaxassislari xalqaro tajriba asosida qonunchilikni soddalashtirish hamda tartibga solish siyosatini takomillashtirishga oid ilg‘or yondashuvlarni taqdim etishdi.
🔸Mazkur loyiha O‘zbekistonda huquqiy islohotlarning yangi bosqichini boshlab berib, Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.





