❕“ZA’FARON” brendidan noqonuniy foydalanish holatiga chek qo‘yildi!
2025-08-27 09:15:00 / Vazirlik yangiliklari

✅So‘ngi yillarda “BMB HOLDING” MChJga tegishli bo‘lgan “ZA’FARON” brendi barchamizga tanish tovar belgisiga aylanib ulgurdi. Mazkur brend kundan-kunga milliy hamda xalqaro doirada mijozlari sonini orttirib bormoqda. Albatta, buning barchasi brend egalarining tinimsiz harakatlari natijasi hisoblanib, ushbu jarayonlar ko‘plab moddiy va boshqa resurslar sarfini talab qiladi.
✅Biroq, ayrim “uddaburon” tadbirkorlar tomonidan tezda boyib ketish maqsadida boshqalarning mehnat mahsuli natijasida uzoq yillar mobaynida yaratilgan brendlardan ruxsatsiz foydalanish holatlari ham uchrab turibdi.
✅Xususan, vazirlik tomonidan “BMB HOLDING” MChJning barchamizga tanish bo‘lgan “ZA’FARON” jamlama tovar belgisiga bo‘lgan huquqlari “M.M.” YTT tomonidan buzilayotganligi to‘g‘risidagi murojaat ko‘rib chiqildi.
✅O‘tkazilgan tekshiruv natijasida “M.M.” YTT tomonidan “ZA’FARON” jamlama tovar belgisining tasviriy ko‘rinishiga o‘xshash bo‘lgan belgidan do‘kon peshlavhasida go‘yoki bu do‘konda “ZA’FARON” brendidagi tovarlar sotilayotganligini ifodalash uchun foydalanilganligi aniqlandi.
✅Holat bo‘yicha vazirlik tomonidan “M.M.” YTT brend egasining huquqlari buzilgan taqdirda qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik chorasi qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
⚠️ Hurmatli tadbirkorlar! Oʻz brendingizni roʻyxatdan oʻtkazishingizni hamda brendingizdan noqonuniy foydalanish holatlariga duch kelganingizda Adliya vazirligining “1008” ishonch telefoni orqali xabar berishingizni yoki info@adliya.uz elektron pochta manzili orqali murojaat qilishingizni soʻraymiz!
