2025-yil yakunlari sarhisobi muhokama qilindi
2026-03-27 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda tizimda amalga oshirilgan islohotlar, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, hisobot davrida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, davlat xizmatlarini yanada qulaylashtirish va huquqiy madaniyatni oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 258 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilib, 30 turdagi ortiqcha hujjat talab qilish amaliyoti bekor qilindi.
Shuningdek, “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili joriy etilib, tadbirkorlik subyektlariga bir vaqtning o‘zida 7 ta xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. “Proaktiv qonunchilik” asosida yangi hujjatlar haqida avtomatik xabardor qilish tizimi ishga tushirildi hamda 1600 ta majburiy talab bekor qilindi.
Aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida 1 milliondan ortiq targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, “Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida 1,8 millionga yaqin xonadon o‘rganildi. Natijada aniqlangan muammolarning 97 foizi ijobiy hal etildi, minglab fuqarolarning huquqlari tiklandi.
Bundan tashqari, 2025-yilda 61 milliondan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilib, xizmatlar muddati keskin qisqartirildi. Notariat va ta’lim tizimida raqamlashtirish ishlari kengaytirilib, yangi innovatsion platformalar joriy etildi.
Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning savollariga batafsil javoblar berildi.









