Yoshlar yutuqlari – e’tirof markazida!
2026-03-27 15:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Prezidentimiz tashabbusi bilan haftaning har payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilangan bo‘lib, ushbu kun doirasida tashkilotlarda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari muntazam o‘tkazilmoqda.
Shu asosda Toshkent davlat yuridik universitetida talaba-yoshlarning erishgan yutuqlarini e’tirof etish hamda ularni rag‘batlantirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda adliya vaziri A. Tashkulov ishtirok etib, iqtidorli va tashabbuskor talabalarni shaxsan taqdirladi hamda ularning natijalarini yuqori baholadi.
Xususan, “Real holat” xakatoni (hackathon) g‘olibi, “Zakovat” o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan “Vendetta” jamoasi, “Ma’rifat maydoni” tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etgan “Shum bolalar” jamoasi hamda sport va klub faoliyatida faol yoshlar rag‘batlantirildi.
Mazkur tadbir yoshlarning har tomonlama rivojlanayotgani, ularning salohiyati izchil qo‘llab-quvvatlanayotgani hamda tizimli ishlar samaradorligini yana bir bor namoyon etdi.









