O'zbekiston qonunchiligi JST talablariga moslashtirilmoqda
2026-03-09 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari

🔸Joriy yilning 9-mart kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning 12-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari J. Xodjayev boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Adliya vazirligi hamda boshqa mas’ul vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
🔹Yig‘ilishda Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari M. Istamov tomonidan milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan taqdimot qilindi.
▪️Ishchi guruhning 11-yig‘ilishidan buyon 19 ta normativ-huquqiy hujjat JST talablari bilan muvofiqlashtirildi.
▪️Natijada, bugungi kunga qadar JST talablariga uyg‘unlashtirilgan hujjatlar soni 180 tadan oshdi.
Qabul qilingan hujjatlar quyidagi muhim o‘zgarishlarni nazarda tutadi:
Bojxona sohasi:
savdo-iqtisodiy munosabatlarda “eng ko‘p qulaylik berish rejimi” qo‘llanilmaydigan davlatlardan olib kiriladigan mahsulotlar uchun belgilangan ikki baravar bojxona bojlari bekor qilindi. “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida taqiq va cheklovlar reyestrini yuritish, davlat idoralari xizmatlari uchun yig‘imlar miqdorlarini e’lon qilib borish hamda tadbirkorlarga qulaylik yaratish uchun “maslahatchi auditor” faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilandi. Shu bilan birga, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun oylik import cheklovi bekor qilindi.
Raqobatni rivojlantirish:
Qora va rangli metallar hamda tabiiy gaz savdosida ayrim korxonalarga berilgan eksklyuziv huquqlar bekor qilinib, o‘rniga litsenziyalash tartibi joriy etildi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasi:
ikki va undan ortiq muvofiqlikni baholash xizmatlarini ko‘rsatuvchi xususiy tashkilotlar faoliyat yuritayotgan sohalarda davlat tashkilotlarining bunday xizmatlarni ko‘rsatishi taqiqlandi; muvofiqlikni baholash organlariga eksport talablariga mos xorijiy standartlar asosida ish olib borishga ruxsat berildi hamda standartlardan foydalanish ixtiyoriy bo‘lishi belgilandi.
Oziq-ovqat xavfsizligi:
xalqaro tan olingan sertifikatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishda sanitariya-epidemiologik xulosa olish talabi bekor qilindi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari Alimentarius Kodeksi talablariga muvofiqlashtirildi.
✅ Ushbu islohotlar savdoni liberallashtirish, tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratish hamda raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qiladi.
