“Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
2025-01-18 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Quyidagilar Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritiladi:
- -xarid qilish tartib-taomillari yakunlari bo‘yicha belgilangan shartlar asosida davlat buyurtmachisi bilan shartnoma tuzishni va davlat xaridlarini amalga oshirishni rad etgan yoki boshqacha usulda bo‘yin tovlagan xarid qilish tartib-taomillari g‘oliblari;
- -majburiyatlarni bajarmaganlikda yoxud tegishli tarzda bajarmaganlikda belgilangan tartibda aybdor deb topilgan ijrochilar, bundan majburiyatlar bartaraf etib bo‘lmaydigan kuchlar oqibatida bajarilmagan yoki tegishli tarzda bajarilmagan hollar mustasno;
- -davlat xaridlari jarayonida yolg‘on yoki soxta hujjatlarni taqdim etgan, ayni bitta lotda ishtirok etgan affillangan shaxslar yoki manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida ma’lumotlarni ochib bermagan ishtirokchilar;
- -sudning qaroriga ko‘ra, firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan ijrochilar.
Murojaatchi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ishtirokchi yoki ijrochini Reyestrga kiritish yuzasidan yozma yoki elektron shaklda ariza bilan Reyestrga kiritish uchun asos bo‘lgan hujjatlarni, shuningdek, sudning tegishli qarorini ilova qilgan holda murojaat qilishi mumkin.
Davlat xaridlari yakunlari bo‘yicha davlat buyurtmachisi bilan shartnoma tuzishni va davlat xaridlarini amalga oshirishni rad etgan yoki boshqacha usulda bo‘yin tovlagan g‘olib Reyestrga avtomatik tarzda kiritiladi.
Mazkur Nizom rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati
