Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan hamkorlikda seminar o‘tkazilmoqda
2024-12-03 19:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, senator va deputatlar, tegishli mutasaddi vazirlik va idoralar, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Pensiya jamg‘armasi vakillari, o‘quv va ilmiy tadqiqot muassasalari, nodavlat va notijorat tashkilotlar, xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari, xorijiy hamkor davlatlar vakillari ishtirok etmoqda.
Seminarni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov ochib berdi va pensiya ta’minotidagi mavjud muammolarni tahlil qilgan holda ularni bartaraf etish hamda amaldagi tizimni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 23-sentabrdagi “Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 600–son Qarori qabul qilinganligini aytib o‘tdi.
Qarorga muvofiq, Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tasdiqlanligini hamda Ishchi guruhga:
vazirlik va idoralar, ilmiy va ta’lim tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek, mahalliy hamda xorijiy ekspert va maslahatchilarni jalb qilgan holda ilg‘or xorijiy tajriba asosida pensiya ta’minoti tizimining barqarorligini ta’minlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlash;
asoslantirilgan takliflarga muvofiq 2025-yil 1-martga qadar Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish vazifasi belgilanganligini ta’kidladi.
Seminarning birinchi kunida Xalqaro valyuta jamg‘armasi maslahatchisi Kristof Froydenberg pensiya ta’minoti tizimida fuqarolar qamrovini oshirish, ularni munosib pensiya bilan ta’minlash, pensiya tayinlash uchun murojaat qilishda inson omilini kamaytirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Shuningdek, Jahon bankining pensiya ta’minoti bo‘yicha eksperti Chaba Fexer tomonidan ko‘p bosqichli pensiya tizimlari, pensiya ta’minotidagi mavjud muammolarni tahlil qilgan holda ularni bartaraf etish hamda amaldagi tizimni yanada takomillashtirish yo‘llari hamda pensiya islohotlarini amalga oshirgan davlatlarning ilg‘or tajribalari asosida o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.
Xalqaro mehnat tashkiloti eksperti Paskal Annik va Osiyo taraqqiyot banki eksperti Maykl Koyen fuqarolarning mehnat faoliyatini rasmiylashtirish aholining demografik ko‘rsatkichlarini hamda Pensiya jamg‘armasining daromadlar va xarajatlari fuqarolarning munosib pensiya bilan ta’minlashga bog‘liqligini hamda konsepsiya loyihasini ishlab chiqishda ushbu ko‘rsatkichlarga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
Seminardan quyidagi asosiy maqsadlar ko‘zlangan:
xalqaro moliya tashkilotlari, ilg‘or hamkor davlatlar va mahalliy ekspertlar bilan birgalikda pensiya ta’minoti tizimidagi muammo va imkoniyatlarni muhokama qilish. Bu jarayonda ilg‘or tajribalarni o‘rganish, yangi g‘oyalarni shakllantirish va turli mamlakatlardan olingan samarali usullarni tahlil qilish orqali, pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishdagi eng yaxshi amaliyotlarni aniqlash;
O‘zbekistonning pensiya ta’minoti tizimini global standartlarga muvofiqlashtirish, iqtisodiy va ijtimoiy ustuvorliklarni inobatga olgan holda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlash masalalarida yangi imkoniyatlar yaratiladi;
davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha umumiy strategiyalarni belgilash va ularni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mexanizmlarni muhokama qilish. Bu maqsadda fuqarolarni ijtimoiy himoyani kuchaytirish, keksalikda kambag‘allikni qisqartirish uchun kompleks yondashuvlarni shakllantirish nazarda tutiladi.
Ushbu seminar O‘zbekiston pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishda muhim o‘rin tutadi hamda tajriba almashish uchun platforma vazifasini bajaradi.
Mazkur seminar o‘z ishini davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 1-martga qadar Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish vazifasi belgilangan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati





