Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent shahrida tungi xizmat faoliyatini nazorat tartibida oʻrgandi
2024-05-11 14:20:00 / Yangiliklar
Belgilangan vazifalarning amalda bajarilishi, shuningdek huquq-tartibot idoralarining xizmat faoliyati poytaxtning Chilonzor va Uchtepa tumanlarida oʻrganildi.
Xususan, Chilonzor tumani «Novza» mahallasi hududida joylashgan «Korzinka» savdo majmuasida aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda xavfsizlik choralariga eʼtibor qaratildi.
Savdo majmuasida xavfsizlikni taʼminlashga jalb qilingan xodimlarning axborotlari tinglanib, huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda xizmatni tashkillashtirish borasida tegishli koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, bino ichida oʻrnatilgan tashvish-chaqiruv tugmasi ishga tushirilib, savdo majmuasida sodir etilishi mumkin boʻlgan koʻngilsiz holatlarda biriktirilgan xodimlarning shaylik holati nazorat tariqasida tekshirildi.
Tadbir davomida ishchi guruh tomonidan Chilonzor tumanida dislokatsiya qilingan Toshkent shahar IIBB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Post patrul xizmati brigadasi faoliyati oʻrganildi.
Jarayonda, xizmatga jalb etilgan shaxsiy tarkib va biriktirilgan kuch va vositalarning shayligi, shuningdek ularning tezkor vaziyatni barqarorligini taʼminlashga tayyorgarligi tekshirilib, xizmat faoliyatini takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar berildi.
Ishchi guruh tomonidan Chilonzor tumani «Navbahor» mahallasida joylashgan 3-son Ichki ishlar boʻlimi faoliyati hamda xodimlarning tungi xizmat jarayonlari tekshirildi.
Shaxsiy tarkib oldiga, kriminogen vaziyati ogʻir hisoblangan «qizil» toifadagi mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, yoshlar va ayollar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni keskin qisqartirish, hisobda turgan shaxslar bilan «individual profilaktik» ishlarini olib borish, ijtimoiylashuv va probatsiya ishlarini samarali va manzilli amalga oshirishni takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Tekshiruv davomida ishchi guruh aʼzolari Uchtepa tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining xizmat jarayoni hamda xodimlarga yaratilgan sharoitlari bilan ham tanishdilar.
Asosiy eʼtibor, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda namunaviy xizmat oʻtash modellarini amalga kiritilishi, mahallarda shaxsiy xonadonlar va jamoat joylarida videokuzatuv qamrovi oshirilishi, shahar yoʻllarida xavfsiz harakatlanish, piyodalar, ayniqsa bolalar, yoshlar va ayollar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaratildi.
Oʻrganish jarayonida, aniqlangan barcha kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, kelgusida xizmat faoliyatini takomillashtirishga oid maqsadli chora-tadbirlar belgilab olindi.