Foyda solig‘i hisobotida daromadlar va xarajatlar to‘g‘ri ko‘rsatilishi kerak
2025-07-03 11:05:00 / Qo'mita yangiliklari

Hurmatli soliq to‘lovchilar, joriy yil 21-iyul 2025-yil II chorak yakuni bo‘yicha foyda solig‘i hisobotini taqdim etishning oxirgi kuni.
Barcha soliq to‘lovchilar II chorak uchun foyda solig‘i hisobotini hisobot davri yakunlari bo‘yicha — hisobot davridan keyingi oyning yigirmanchi kunidan* kechiktirmay taqdim etishlari belgilangan.
Soliq to‘lovchilar foyda solig‘i hisobotini shakllantirishda, xususan hisobotda daromadlar va xarajatlarni to‘g‘ri aks ettirishda quyidagi normalarga eʼtibor berishlari lozim:
▫️foyda solig‘i bazasini aniqlashda ushbu soliq to‘lovchining jami daromadidan daromad olish bilan bog‘liq barcha xarajatlar chegirib tashlanadi (chegirib tashlanmaydigan xarajatlar bundan mustasno);
▫️soliq to‘lovchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida ham, uning hududidan tashqarida ham hisobot (soliq) davri davomida amalga oshirilgan (ko‘rilgan), asoslangan va hujjatlar bilan tasdiqlangan chiqimlari xarajatlar deb eʼtirof etiladi.
Soliq kodeksi 305-modda
Quyidagi hollarda:
▫️foydalanilmagan moddiy xarajatlarni foydalanilgan deb, ishlab chiqarish hisobotiga qo‘shish;
▫️tovarlarni sotishdan (xizmat ko‘rsatishdan) olingan tushumni hisobot davridan keyingi davrga o‘tkazish (sotish hajmini va daromadni (foydani) qasddan kamaytirish);
▫️moddiy, yoqilg‘i-energetika resurslari xarajatlarini (limitlarni) va amortizatsiya (eskirish) normasini sunʼiy ravishda oshirish yoki normativlarni noto‘g‘ri qo‘llash soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) deb eʼtirof etiladi hamda yashirilgan (kamaytirib ko‘rsatilgan) soliq bazasi summasining 20 foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Soliq kodeksi 223-moddasi
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilardan hisobotlarda asossiz xarajatlarni ko‘rsatmaslik, foyda solig‘i bazasini to‘g‘ri shakllantirish orqali soliq hisobotlarini o‘z muddatida taqdim etishlarini so‘raydi.
*2025-yil 20-iyul dam olish (ishlanmaydigan) kuniga to‘g‘ri kelganligi sababli, hisobotni taqdim etish oxirgi muddati 21-iyulga ko‘chiriladi.
Foyda solig‘i bo‘yicha hisobot shakli to‘ldirildi
Yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish departamenti
