VABO: KASALLIK ALOMATLARI, DAVOSI VA PROFILAKTIKASI
2025-04-16 17:35:00 / Yangiliklar

Xo‘sh ushbu o‘ta xavfli kasallik haqida nimalarni bilishimiz zarur? Aholini qiziqtirgan bir qator savollar bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi epidemiologiya va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi boshlig‘i Farxod Qurbonbekovga murojaat qildik.
Aytingchi, vabo kasalligi tarqalishining asosiy omillari nima?
Darhaqiqat, kasallik yangi mamlakatlarga ham ta’sir qilishda davom etmoqda. Misol uchun, 10 yil ichida birinchi marta Namibiyada vabo epidemiyasi sodir bo‘ldi. Shuningdek, Ilgari kasallik avj olishi tugaganini aytgan Keniya, Malavi, Zambiya va Zimbabve davlatlarida vabo bilan kasallanish holatlari ko‘paymoqda.
Dunyoda vabo kasaligi tarqalishining asosiy sabablari bu, aholining ommaviy ko‘chishlari, tabiy ofatlar va iqlim o‘zgarishi, ayniqsa qishloqlarda va suv toshqinidan zarar ko‘rgan hududlarda infratuzilmalarning yomonligi va tibbiy xizmatlardan foydalanishning cheklanganligi davolanishni kechiktirish holatlarini kuchaytirmoqda. Ushbu transchegaraviy omillar vabo epidemiyasini tobora murakkablashuvini va nazorat qilishni qiyinlashtirmoqda, deb ta’kidlaydi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti.
2025 yil boshida 6 ta davlat — Myanma, Kongo Demokratik Respublikasi, Sudan, Janubiy Sudan, Angola va Gana — xalqaro zaxiralardan Vaboga qarshi vaksina talab qilgan. Bu holat kasallikning yuqori darajada tarqalishini va vaksinatsiyaga bo‘lgan ehtiyojni ko‘rsatadi.
Vabo qanday kasallik?
Vabo – bakteriya (vibrion)lar qo‘zg‘atadigan, og‘iz orqali yuqadigan, ingichka ichakning yallig‘lanishi, to‘xtovsiz qusish va ich ketishi natijasida organizmning suvsizlanishi bilan kechadigan o‘tkir, o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.
Bu kasallik bilan faqat odamlar kasallanadi.
Vabo kasalligi qayd etilayotgan davlatlar soni borgan sari ortib bormoqda.
Kasallik qanday yo‘llar bilan yuqadi?
Vabo kasalligini bakteriyalar (vibrionlar) qo‘zg‘atadi.
Bemordan (vibrion tashuvchidan) vibrionlar asosan uning najasi orqali ajralib, atrof-muhitni (suvni, tuproqni, oziq-ovqat maxsulotlari va boshqalarni) ifloslantiradi.
Vabo vibrionlari tashqi muhitga ancha chidamli. Vibrionlar oqar suvda 18 kundan 5 oygacha, non va non maxsulotlari yuzasida bir necha kun tirik saqlanadi.
Vabo vibrionlari odam organizmiga vibrionlar bilan ifloslangan suv va oziq-ovqat mahsulotlari bilan og‘iz orqali tushadi.
Vibrionlar tashqi muhitga bemor yoki vibriotashuvchilarning najasi bilan ajralib, ochiq suv manbalarini ifloslantiradi. Ochiq suv havzalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanalizatsiya oqava suvi orqali ifloslanishi ham mumkin.
Kasallikning klinik alomatlari qanday?
Kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 5 kungacha davom etadi. Bu davrda kasallikning hech qanday alomatlari kuzatilmaydi, lekin vabo vibrionlari organizmga moslashadi ko‘payadi.
Vaboning eng asosiy klinikasi belgilari qusish va ich ketish hisoblanadi. To‘xtovsiz qusish va ich ketishi natijasida bemor organizmi suvsizlanadi.
Vaboda tana haroratining ko‘tarilishi deyarli kuzatilmaydi. Shu sababli bemorlar isitmam yo‘q-ku, bu kasallik yuqumli bo‘lmasa kerak deb, vrachga murojaat qilmaydi va o‘z-o‘zini davolash bilan shug‘ullanadi, natijada keyinchalik og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqiziladi.
Kasallik klinikasida organizmdan suyuqlik va minerallar yo‘qotilganiga ya’ni degidratatsiyaga holatiga ko‘proq etibor qaratilishi kerak, chunki boshqa biror-bir yuqumli kasallikda ich ketishi va qusish alomatlari bunchalik yaqqol namoyon bo‘lmaydi.
Ichning suyuq ketishi to‘satdan, ixtiyorsiz va juda ko‘p marta takrorlanishi, axlatning guruch yuvilgvn suvga o‘xshashi shuningdek, tana haroratining me’yorda saqlanishi, xatto pasayishi ham vaboga xos.
Tinimsiz ich ketish va qusish oqibatida bemorni tinkasi quriydi, ko‘plab miqdorda suv yo‘qotilishi hisobiga tana hajmi tezda kichrayadi. Burmalangan teri uzoq muddatgacha o‘z xoliga qaytmaydi (“vabo burmasi”), qo‘l kaftlari kir yuvuvchi ayol kaftlarini eslatadi (“kirchi qo‘llari”). Burun uchi, quloq supralari, lab ko‘kimtir tusga kiradi. Yuz tirishib, ko‘z ichiga tushib ketadi (“vabo bashara”).
Kasallik erta aniqlansa davolash mumkinmi?
Albatta kasallik erta aniqlasa davolash mumkin. Bemor shifoxona sharoitida davolanishi kerak.
Agar ko‘ngil aynishi, qusish, ich ketishi, bosh og‘rishi, bosh aylanishi kabi kasallik alomatlari kuzatilsa, zudlik bilan vrachga murojaat qilish kerak.
O‘z-o‘zini davolash bemorning ahvolini og‘irlashishiga va ba’zi holatlarda kasallik fojiali tugashiga olib keladi.
Kasallikni oldini olishda nimalarga rioya etish zarur?
Vaboning oldini olish uchun quyidagi tavsiyalarga puxta amal qilish kerak:
- jumladan tozalikka, shaxsiy gigiyena qoidalariga muntazam amal qilish;
- meva va sabzavotlarni toza suvda yaxshilab yuvib, keyin iste’mol qilish;
- sifati kafolatlangan suv (qadoqlangan, butilkali) ichish;
- belgilangan joylarda ovqatlanish;
- ruxsat etilmagan joylarda cho‘milmaslik vabo va boshqa o‘tkir yuqumli ichak kasalliklaridan saqlanish garovidir.
Respublikamizda vabo kasalligini oldini olishga qaratilgan qanday chora-tadbirlar olib boriladi?
O‘zbekiston Respublikasi hududiga qator yillar davomida karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarini, jumladan vabo kasalligini chet davlatlardan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalish holatlari kuzatilmadi.
Respublika hududiga kasalliklarni chetdan kirib kelishini oldini olish maqsadida, respublika bo‘yicha bugungi kunda davlat chegaralarini kesishish joylarida 55 ta sanitariya – karantin punktlari faoliyat olib bormoqda.
Respublikamizda vabo kasalligi qator yillar mobaynida ro‘yxatga olinmagan.
O‘tkir yuqumli ichak kasalliklari bilan yuqumli kasalliklar shifoxonalariga murojaat qilgan bemorlardan klinik va epidemiologik ko‘rsatmalar asosida vabo kasalligiga tahlillar o‘tkazib kelinmoqda. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2012 yildagi 310-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Maxsus Dastur asosida Respublika bo‘yicha malakali tibbiyot xodimlaridan iborat 4053 nafar trenerlar tayyorlanib, 58138 nafar shifokorlar va 260144 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari o‘qitildi.
JSST vabo tarqalish xavfini juda yuqori deb baholamoqda va kasallikning oldini olish va uni nazorat qilish choralarini kuchaytirish, toza suv, sanitariya va tibbiy yordamga kirish imkoniyatini yaxshilash zarurligini ta’kidlamoqda.
JSST vabo kasalligini oldini olish va o‘z vaqtida aniqlash maqsadida epidemiologik nazorat olib borish va oddiy gigiyena qoidalariga rioya etishni tavsiya etadi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
