Navroʻz bayrami
2025-03-21 / Voqealar taqvimi

Navroʻz (forscha نوروز – „yangi kun“) – bahor bayrami hamda fors va turkiy xalqlarida yangi yilning birinchi kuni. „Navroʻz“ soʻzi forschadan tarjima qilinganda, „yangi kun“ maʼnosini beradi. Eron, shuningdek, Markaziy Osiyo va Kavkazda Navroʻz 21-mart kuni, Qozogʻistonda esa 22-martda nishonlanadi.
Navroʻz Shimoliy yarimsharda bahorning boshlanishi sifatida, kecha-kunduz tenglashgan kunda (martning 20, 21 va yoki 22-kunlarida) boshlanadi. Baʼzi xalqlar bahor faslining kelishini tabiatning uygʻonishi bilan bogʻlaydilar, shu munosabat bilan bayramlar oʻtkazishadi, uni yangi yilning boshlanishidek bayram qiladilar. Qadim zamonlardan boshlab Ozarbayjon, Oʻzbekiston, Eron, Afgʻonıston, Tojikiston va yana koʻplab sharqiy davlatlarda bahorning – yangi yilning kelishini bayramlar bilan qarshi olishadi. Martning 21-sanasi Eron va Afgʻonistonda rasmiy taqvimning dastlabki birinchi kuni hisoblanadi.
2009-yil 30-sentyabrda Navroʻz UNESCO tarafidan nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan, 2010-yil 23-fevralda esa BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida 21-mart "Xalqaro Navroʻz Kuni" deb eʼlon qilindi. Hali ham bu bayram xalqlar oʻrtasida keng koʻlamda davom etib kelmoqda.
