To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalar uchun beriladigan imtiyozlar joriy etiladigan iqtisodiyot tarmoqlari ro‘yxati kengaytirildi
2025-06-30 09:25:00 / Qo'mita yangiliklari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
PF-97, 23.06.2025-yil
Farmonga asosan:
to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy chet el investitsiyalarini jalb etgan holda tashkil etilgan va qonunchilikda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar uchun Soliq kodeksida belgilangan soliq imtiyozlari Toshkent viloyatining 4-5-toifasidagi tumanlarida ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik subyektlariga ham tatbiq etiladigan bo‘ldi.
Amalda, mazkur imtiyozlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar uchun tatbiq etilmas edi.
PF-3594, 11.04.2005-yil
Ma’lumot uchun, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy chet el investitsiyalarini jalb etgan holda tashkil etilgan yuridik shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan belgilanadigan muddatga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy chet el investitsiyalari hajmiga qarab, yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lashdan ozod etish tarzidagi soliq imtiyozlari berilgan.
Soliq kodeksi 471-moddasi
Shuningdek, Farmon bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalar uchun beriladigan imtiyozlar joriy etiladigan iqtisodiyot tarmoqlar ro‘yxati qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish faoliyati bilan kengaytirildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil
11-apreldagi "To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-3594-son Farmoniga asosan faqat 22 ta faoliyat turlari uchun soliq imtiyozlari nazarda tutilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish iqtisodiy tarmoqlar ro‘yxatiga kiritilmagan edi.
Soliq solish metodologiyasi departamenti
