Oʻzbekiston IHT Global forumining Bali deklaratsiyasiga qoʻshildi
2026-10-30 18:05:00 / Qo'mita yangiliklari

2026-yil 28–30-oktabr kunlari Parij shahrida boʻlib oʻtayotgan IHT/G20ning BEPS boʻyicha Inklyuziv hamkorlik doirasi 18-yalpi majlisi doirasida Soliq qoʻmitasi Raisi Farrux Pulatov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi boʻyicha Global forum Kotibiyati rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi. Kotibiyat nomidan xavflarni boshqarish masalalariga masʼul Severin Baranje ishtirok etdi.
Kotibiyat vakillari Oʻzbekistonda, ayniqsa, soliq maʼmuriyatchiligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni diqqat bilan kuzatib borayotganini taʼkidlab, erishilgan natijalarni yuqori baholadi.
Erishilgan muhim natijalar qatorida 2026-yil 15-iyulda Soliq masalalari boʻyicha oʻzaro maʼmuriy yordam toʻgʻrisidagi Konvensiya (MAAC) imzolangani hamda Oʻzbekistonning soʻrov asosida axborot almashinuvi standartiga muvofiqligini ekspert baholash (Peer Review) natijalari qayd etildi. Baholash yakunlariga koʻra, umumiy bahosi "Asosiy mezonlarga muvofiq" deb belgilangan hisobot loyihasi maʼqullangan.
Xalqaro kelishuvlar doirasida axborotni oshkor etish talablarini, jumladan, benefitsiar mulkdorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qamrab oladigan qonun loyihasini tayyorlash ishlari ham ijobiy baholandi. Shuningdek, Oʻzbekistonda amal qilayotgan xavfga yoʻnaltirilgan soliq nazorati tizimi va soliq maʼmuriyatchiligining yuqori darajada raqamlashtirilgani alohida eʼtirof etildi.
Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston tomonidan "Bali deklaratsiyasi"ni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Shu tariqa, mamlakatimiz Global forumning Osiyo tashabbusiga qoʻshildi. Bu esa Osiyoning ilgʻor soliq maʼmuriyatchiligi organlari, jumladan, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Xitoy, Gonkong, Malayziya, Indoneziya va Hindistonning ilgʻor tajribasini oʻrganish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Tomonlar oʻzaro konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar. Kotibiyat axborotni avtomatik almashish standartini joriy etishga tayyorgarlik koʻrish, mutaxassislarni oʻqitish, jumladan, xavflarni tahlil qilishda sunʼiy intellektdan foydalanish boʻyicha texnik koʻmak koʻrsatishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, manfaatdor mamlakatlar oʻrtasida tajriba va ilgʻor amaliyot almashish maqsadida Oʻzbekistonda mintaqaviy tadbirlar tashkil etish taklifi ilgari surildi.


