BILIM — SAMARADORLIK VA ISLOHOTLAR POYDEVORI
2026-10-23 16:50:00 / Qo'mita yangiliklari

Bugun Soliq qoʻmitasida xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, soliq qonunchiligidagi yangiliklarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida navbatdagi “Iqtisodiy oʻqish” tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Qoʻshilgan qiymat soligʻi maʼmuriyatchiligi departamenti hamda Resurs soliqlari maʼmuriyatchiligi boshqarmasi masʼullari tomonidan ikki muhim yoʻnalishda taqdimotlar oʻtkazildi.
- Qishloq xoʻjaligida QQSning “nol” stavkasini qoʻllash. Prezidentning 2025-yil 4-sentyabrdagi PF-153-son Farmoni asosida joriy etilgan tartib, imtiyozlardan foydalanish shartlari va QQSning salbiy farq summasini uch kun ichida avtomatlashtirilgan tarzda qoplash mexanizmlari tushuntirildi.
- Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq. Soliq bazasi, 2026-yil uchun belgilangan stavkalar, koeffitsiyentlar, hisobot va toʻlov muddatlari, shuningdek, 2027-yildan kutilayotgan oʻzgarishlar muhokama qilindi.
Bunday tadbirlar nafaqat xodimlarning bilimlarini mustahkamlash, balki qonunchilik normalarini yagona yondashuv asosida qoʻllash, soliq toʻlovchilar uchun qulayliklar yaratish va maʼmuriyatchilik samaradorligini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega.
Zero, bilimli kadrlar — samarali islohotlar, samarali islohotlar esa taraqqiyot garovidir!
“Iqtisodiy oʻqish” tadbirlari soliq organlari xodimlarining kasbiy mahoratini yuksaltirish va tizim faoliyatini takomillashtirish maqsadida izchil davom ettiriladi.




