Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati soliq xizmati organlarining ayrim tuman inspeksiyalaridagi xodimlariga mehnat ta’tili berilmayotganligi haqida murojaat e’lon qilindi.
2026-10-23 16:35:00 / Qo'mita yangiliklari

Mazkur holat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Surxondaryo viloyati soliq xizmati organlarida xodimlarga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 228-moddasi talablariga muvofiq, tasdiqlangan ta’tillar jadvali asosida va belgilangan tartibda mehnat ta’tillari berib kelinmoqda.
Bunda xodimlar Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish tuzilmalari tomonidan mehnat ta’tiliga chiqish muddati haqida ta’til boshlanishidan kamida o‘n besh kun oldin xabardor qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, Surxondaryo viloyati soliq xizmati organlarida tasdiqlangan ta’tillar jadvali asosida birgina joriy yilning oktabr oyida Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi hamda uning hududiy soliq inspeksiyalarida faoliyat yuritib kelayotgan jami 58 nafar soliq xodimiga qonunchilikda belgilangan tartib asosida mehnat ta’tili berildi.
Shuningdek, joriy yilning noyabr oyida mehnat ta’tili berilishi belgilangan har bir soliq xodimi shaxsan xabardor qilindi.
Xulosa o‘rnida, viloyat soliq xizmati xodimlariga mehnat ta’tili Mehnat kodeksining 228-moddasiga muvofiq, ta’tillar grafigi hamda xodimning yozma arizasiga asosan belgilangan oyda berib kelinmoqda.
