Dori vositalarini raqamli markirovkalash masalalari yuzasidan uchrashuv
2026-10-23 16:05:00 / Qo'mita yangiliklari

2026-yil 22-oktabr kuni Raqamli markirovkalash qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi tomonidan dori vositalarini ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi korxonalar, chakana savdo subyektlari hamda raqamli markirovkalash tizimi operatori vakillari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.
Dori vositalarini majburiy raqamli markirovkalash tizimi 2022-yil 1-sentabrdan bosqichma-bosqich joriy etilgan. 2025-yil yakuni boʻyicha dori vositalarining tovar aylanmasi oʻtgan yilga nisbatan 25 %ga, tizim joriy etila boshlangan davrga nisbatan esa 2 barobarga oshgan.
Shuningdek, dori vositalari savdosida kassa cheklarini berish koʻrsatkichi soʻnggi 3-yilda yiliga oʻrtacha 40 %ga, 2026-yilning dastlabki 9 oyida esa oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 32 %ga oshgan.
Uchrashuvda ishtirokchilarga raqamli markirovkalash tizimida joriy etilgan nazorat mexanizmlari va ularning ishlash tartibi tushuntirildi.
Xususan, dori vositalarini elektron hisobvaraq-fakturalar orqali realizatsiya qilishda markirovka kodlarini majburiy aks ettirish, onlayn nazorat-kassa texnikasi orqali sotishda esa ularni skanerlash talablari belgilangan.
Mazkur mexanizm orqali qalbakilashtirilgan, takroran foydalanilgan markirovka kodlariga ega hamda yaroqlilik muddati oʻtgan dori vositalarining sotilishi avtomatik ravishda bloklanadi.
Jumladan, yashirin sexlarda qalbaki dori vositalariga asl mahsulotning markirovka kodi koʻchirilgan taqdirda ham, ushbu koddan respublikaning boshqa hududida takroran foydalanishga urinilganda kassa cheki shakllantirilishi avtomatik ravishda bloklanadi.
Maʼlumot uchun: dori vositalarini raqamli markirovkalash mahsulotning ishlab chiqarilgan davlatidan qatʼi nazar, mahalliy yoki xorijiy ishlab chiqaruvchi korxonaning oʻzi tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-martdagi PF-35-son Farmoniga muvofiq, dori vositalari qoldiqlarini xatlovdan o‘tkazish ishlari ishlab chiqaruvchilar va ulgurji savdo subyektlarida yakunlangan. Ayni paytda chakana savdo subyektlarida xatlovdan o‘tkazish ishlari yakuniy bosqichda davom etmoqda.
Xatlov natijalariga ko‘ra, respublika bo‘yicha har bir savdo subyekti kesimida dori vositalarining nomi va miqdori ko‘rsatilgan haqiqiy qoldiqlari to‘g‘risidagi yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Bundan tashqari, ishtirokchilarga Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida raqamli markirovka kodlarini oʻzaro tan olish boʻyicha kelishuv hamda undan foydalanish mexanizmlari haqida maʼlumot berildi.
Uchrashuv yakunida amaliyotdagi muammolar va ularning yechimlari yuzasidan takliflar muhokama qilinib, raqamli markirovkalash masalalari boʻyicha soliq toʻlovchining my.soliq.uz shaxsiy kabineti orqali inspeksiyaning masʼul xodimlariga bevosita murojaat qilish va 3 kun ichida malakali javob olish imkoniyati mavjudligi tushuntirildi.



