Har bir insonga eʼtibor – mahallada xavfsizlik va farovonlik sari yoʻl
2026-10-23 11:05:00 / Qo'mita yangiliklari

Mahallalarda xavfsizlikni taʼminlash, avvalo, insonlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ularning muammolariga eʼtibor qaratish va yordamga muhtojlarga oʻz vaqtida koʻmak berishdan boshlanadi.
Hal etilgan har bir muammo kimningdir yaxshi kelajakka boʻlgan umidini mustahkamlaydi. Ana shu tamoyil asosida Soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari A. Soliyev rahbarligida Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi «Xushnud» mahallasida sayyor qabul oʻtkazildi.
Jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha ilmiy-amaliy va milliy yondashuv asosida hamkorlikdagi ishlarni tashkil etish maqsadida oʻtkazilgan yigʻilishda tuman prokuraturasi va ichki ishlar organlarining masʼul rahbarlari, shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.
Tadbir davomida probatsiya hisobida turgan yoshlarga hamda mahalla aholisiga ularni kriminogen og‘ir va qiziqtirgan masalalar boʻyicha huquqiy maslahatlar berildi.
Shuningdek, 19 nafar fuqaro va yoshlarning ishga joylashish, uy-joylarni taʼmirlash va dori-darmon xarid qilish uchun mablagʻ ajratish, talabalarning toʻlov-kontrakt xarajatlarini qoplash hamda boshqa masalalarga oid murojaatlari koʻrib chiqildi. Aksariyat masalalar uchrashuvning o‘zida ijobiy hal etildi.
Bunday sayyor qabullar joylarda davom etadi.






