Raqamli markirovkalangan mahsulotlarning ulgurji savdosida naqd pulsiz hisob-kitoblar majburiy
2026-10-21 16:50:00 / Qo'mita yangiliklari

Bugungi kunda ayrim ulgurji savdo korxonalari tomonidan mazkur talablarga rioya etilmagan holda mahsulotlarni ulgurji realizatsiya qilish holatlari kuzatilmoqda.
Xususan, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi, asosiy faoliyat turi suv va salqin ichimliklarni ulgurji sotishdan iborat boʻlgan “XXX” MCHJ tomonidan mahsulotlar realizatsiyasining 67 foizi onlayn nazorat-kassa texnikasi orqali amalga oshirilmoqda. Bunda bitta kassa chekining oʻrtacha summasi 60 mln soʻmni tashkil etayotgani ulgurji savdoda hisob-kitoblarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish boʻyicha belgilangan talablariga rioya qilmayotganligidan dalolat beradi.
Shu munosabat bilan, raqamli markirovkalangan mahsulotlarni ulgurji sotish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga mahsulotlar realizatsiyasini elektron hisobvaraq-fakturalar orqali belgilangan tartibda rasmiylashtirish hamda hisob-kitoblarni faqat bank hisobvaraqlari orqali naqd pulsiz shaklda amalga oshirish majburiy ekanligi eslatiladi.
Raqamli markirovkalangan mahsulotlarning ulgurji savdosida talablar PQ-190-son, 23.05.2025-yil qarori bilan belgilangan.
Mazkur talablarga rioya etmayotgan tadbirkorlik subyektlarining my.soliq.uz shaxsiy kabinetlariga qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etish yuzasidan ogohlantirish xatlari yuborildi.
Belgilangan talablarga rioya etilishi:
- tovarlar aylanmasining shaffofligini oshirish,
- hisob-kitob intizomini mustahkamlash,
- halol raqobat muhitini shakllantirish
- raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
