TAYINLOV — MASʼULIYAT VA ISHONCH IFODASI
2026-10-19 15:20:00 / Qo'mita yangiliklari

Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi raisining tegishli buyrugʻiga muvofiq, Ziyamov Dilshod Nuriddinovich Toshkent shahar Sergeli tumani soliq inspeksiyasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi.
Yangi rahbarni jamoaga tanishtirishga bagʻishlangan tadbirda Soliq qoʻmitasi Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish departamenti direktori Toʻrabek Toʻrayev, Toshkent shahar soliq boshqarmasi vakillari, tuman hokimi hamda sohaning boshqa masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va soliq toʻlovchilar bilan ochiq muloqotni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikr va mulohazalar bildirildi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda soliq organlari oldida turgan ustuvor vazifalar nafaqat belgilangan rejalarni bajarish, balki aholi va tadbirkorlar ishonchini qozonish, qonuniy manfaatlarni taʼminlash hamda har bir rahbarning shaxsiy masʼuliyati va tashabbuskorligini oshirishni ham talab etadi.
Yangi lavozimga tayinlov — bu, avvalo, ishonch, yuksak masʼuliyat va natijadorlikka qaratilgan muhim qadamdir.
Ishonch bildirilgan yangi rahbar zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan ado etib, soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning joylardagi ijrosini taʼminlash, xizmat intizomi va faoliyat samaradorligini yanada oshirish yoʻlida muvaffaqiyatli faoliyat olib borishiga tilakdoshmiz.



