Transport-logistika tizimini rivojlantirish uchun qoʻshimcha imtiyozlar
2026-10-15 17:55:00 / Qo'mita yangiliklari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport-logistika tizimini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
PQ-368, 12.10.2026-yil.
Mazkur qarorga asosan, transport-logistika markazlarini 2040-yilga qadar transport-logistika xizmatlarini koʻrsatish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan obyekt va yer uchastkalari boʻyicha yer soligʻi va mol-mulk soligʻini toʻlashdan ozod qilish belgilandi.
Bunda markazlar Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining quyidagi talablariga mos kelishi shart:
✔️ BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining (ESKATO) Quruqlik portlari toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimi (Bangkok, 2013-yil 1-may) roʻyxatiga qoʻshilgan;
✔️ mazkur qarorning 11-bandida keltirilgan tizimlarni joriy etgan hamda Transport vazirligining "Yer-logistika” platformasiga integratsiya qilingan;
✔️ Transport vazirligining "Yer-logistika" platformasida transport-logistika markazlari reytingi boʻyicha "BB" va undan yuqori darajadagi reytingga ega boʻlishi zarur.
🗓 Har yili 1-noyabrga qadar Transport vazirligi tomonidan transport-logistika markazlarining mazkur qarorning 15-bandida belgilangan talablariga muvofiqligi baholanib boriladi va imtiyoz berilgan muddatda markazlar belgilangan talablarni bajarmasa, ularga nisbatan yer soligʻi va mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyozlarni keyingi bir soliq davri uchun toʻxtatishga asos boʻladigan tegishli maʼlumotlar Soliq qoʻmitasiga taqdim etiladi.
Imtiyoz olish uchun transport-logistika markazi tomonidan soxta yoki notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilganligi aniqlanganda, ushbu qarorning 15-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar bekor qilinadi hamda tegishli toʻlovlar belgilangan tartibda undiriladi.
O‘z navbatida, mazkur imtiyozlarni taqdim etish boʻyicha qonunchilikka muvofiq Soliq kodeksiga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
