O‘simlik yog‘larini raqamli markirovkalash bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi
2026-10-13 18:30:00 / Qo'mita yangiliklari

2026-yil 13-oktabr kuni Raqamli markirovkalash qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi tomonidan o‘simlik yog‘larini ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar, import qiluvchilar, chakana savdo subyektlari, Yog‘-moy sanoati uyushmasi, raqamli markirovkalash tizimi operatori hamda integratorlar vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda raqamli markirovkalashning asosiy maqsadi — mahsulotning ishlab chiqarish yoki importdan yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan harakatini kuzatish, noqonuniy aylanmani qisqartirish va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish ekani tushuntirildi.
O‘simlik yog‘larini raqamli markirovkalash bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi 2026-yil 1-iyuldan boshlangan bo‘lib, majburiy markirovkalashni 2027-yil 1-iyuldan joriy etish belgilangan.
Hozirda tajriba-sinov ishlari 8 ta korxonada — 5 ta ishlab chiqaruvchi va 3 ta import qiluvchida olib borilmoqda.
Loyiha doirasida ishlab chiqarish maydonlarining texnik holati, texnologik liniyalarning markirovkalashga tayyorligi o‘rganilib, kodlarni qo‘llash va o‘qish usullari hamda zarur uskunalarga bo‘lgan ehtiyoj aniqlandi.
Korxonalarning ishlab chiqarish xususiyatlarini inobatga olgan holda, integratorlar bilan birgalikda texnik yechimlar va tijorat takliflari ishlab chiqilmoqda.
Uchrashuvda integratorlar markirovkalash uchun zarur uskunalar, ularning qiymati hamda o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, tizimning ishlash tartibi tushuntirilib, tadbirkorlarning fikr-mulohazalari va takliflari muhokama qilindi.
Tajriba-sinovning navbatdagi bosqichida ishlab chiqarish liniyalarini zarur uskunalar bilan jihozlash, markirovkalangan mahsulotlarning sinov partiyalarini ishlab chiqarish hamda ularning yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan harakatini to‘liq kuzatish mexanizmlarini amaliyotda sinovdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, tadbirkorlarga zarur tushuntirishlar berish va amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida Hududlararo soliq inspeksiyasining mas’ul xodimlari bilan bevosita muloqot qilish uchun aloqa ma’lumotlari taqdim etildi.
