PRESS RELIZ
2026-10-13 09:05:00 / Press-relizlar

Soliq qo‘mitasi tomonidan yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning mehnat faoliyatini rag‘batlantirish va ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda yoshlar ishtirokidagi tadbirkorlik subyektlarining o‘sishi, iqtisodiy faolligi, soliq imtiyozlari hamda ishsiz yoshlarni daromadli mehnatga jalb etish choralari haqida ma’lumot berildi.
Yoshlar ishtirokidagi tadbirkorlik subyektlari soni ortib bormoqda
2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, respublikamizdagi 559 967 ta tadbirkorlik subyektining 114 554 tasi yoshlar ishtirokidagi tadbirkorlik subyektlaridir. Bu jami tadbirkorlik subyektlarining qariyb 20,5 foizini tashkil etadi.
2025-yilning mos davriga nisbatan bunday subyektlar soni 11 163 taga yoki 10,8 foizga oshgan. Joriy yilda esa 20 050 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilgan.
Hududlar kesimida yoshlar ishtirokidagi tadbirkorlik subyektlari soni bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda — 26 937 ta. Toshkent viloyatida 10 926 ta, Samarqand viloyatida 10 427 ta, Farg‘ona viloyatida 8 772 ta va Qashqadaryo viloyatida 7 567 ta shunday subyekt faoliyat yuritmoqda.
Yoshlarning tadbirkorlikni tashkil etish va boshqarishdagi ishtiroki ham salmoqli. Jumladan, 93 731 ta korxonada yoshlar rahbar, 101 167 ta korxonada esa ta’sischi hisoblanadi.
Bundan tashqari, faoliyat ko‘rsatayotgan qariyb 385 ming YaTTlarning 88 ming nafardan ortig‘i (23%), 5 mln.ga yaqin o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning 1,7 mln nafari (32,9%) hamda 330 ming nafarga yaqin dehqon xo‘jaliklarining qariyb 130 ming nafarini (39,1%) yoshlar tashkil qiladi.
Tovar aylanmasi va soliq tushumlari o‘smoqda
Yoshlar ishtirokidagi tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy faolligi tovar aylanmasi ko‘rsatkichlarida ham namoyon bo‘lmoqda.
Agar 2021-yilda mazkur subyektlarning tovar aylanmasi 56 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 241,7 trln so‘mga yetdi. Bu qariyb 4,3 barobar o‘sishni anglatadi.
2026-yilning dastlabki sakkiz oyida esa yoshlar ishtirokidagi tadbirkorlik subyektlarining tovar aylanmasi 217,7 trln so‘mni tashkil etdi. Bu 2025-yildagi yillik ko‘rsatkichning 90,1 foiziga teng.
Hududlar orasida tovar aylanmasining eng yuqori ko‘rsatkichlari Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida qayd etildi. Jumladan, Toshkent shahrida 88,2 trln so‘m, Toshkent viloyatida 24,6 trln so‘m va Samarqand viloyatida 17,7 trln so‘mlik tovar aylanmasi shakllandi. Ushbu uch hudud hissasiga jami tovar aylanmasining 59,9 foizi to‘g‘ri keldi. Bunda Toshkent shahrining ulushi 40,5 foizni tashkil etdi.
Yoshlar ishtirokidagi tadbirkorlik subyektlari tomonidan to‘langan soliqlar miqdori ham yildan-yilga ortib bormoqda. Xususan, 2023-yilda 5,3 trln so‘m, 2024-yilda 7,2 trln so‘m va 2025-yilda 9,8 trln so‘m soliq to‘langan.
2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida esa ushbu subyektlar tomonidan 9,6 trln so‘m soliq to‘landi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,6 trln so‘mga yoki 37,1 foizga ko‘pdir.
Hududlar kesimida eng yuqori soliq tushumlari Toshkent shahrida qayd etilgan. Joriy yilning to‘qqiz oyida poytaxtdagi yosh tadbirkorlar tomonidan 4,5 trln so‘m soliq to‘langan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35,6 foizga ko‘p. Shuningdek, Toshkent viloyatida 1 trln so‘m, Samarqand viloyatida 679,3 mlrd so‘m, Farg‘ona viloyatida 527 mlrd so‘m va Namangan viloyatida 508,2 mlrd so‘m soliq tushumlari ta’minlangan.
Yoshlar uchun soliq imtiyozlari
Yoshlarning tadbirkorlikka kirib kelishi va mehnat faoliyatini boshlashini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amaldagi soliq qonunchiligida qator imtiyozlar belgilangan.
Jumladan, chakana savdo, umumiy ovqatlanish, mehmonxona xizmatlari, yo‘lovchi va yuk tashish, transport vositalari, kompyuter va maishiy texnikani ta’mirlash, agrar, veterinariya hamda ko‘ngilochar xizmatlar sohalarida sohalarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari uchun 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlarga nisbatan ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada to‘lash imkoniyati mavjud. Buning uchun xodimning oylik ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining kamida 2,5 baravari miqdorida hisoblanishi, shuningdek, imtiyoz nazarda tutilgan faoliyat turlaridan olingan daromadlar ulushi kamida 60 foizni tashkil etishi lozim. Mazkur imtiyoz 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.
Masalan, korxona besh nafar yosh xodimni har biriga oyiga 4 mln so‘mdan ish haqi to‘lash sharti bilan ishga qabul qilsa, belgilangan shartlarga muvofiq, ijtimoiy soliq bo‘yicha oyiga 2,2 mln so‘m, bir yilda esa 26,4 mln so‘m mablag‘ni tejashi mumkin.
Shuningdek, 2024-yil 1-sentabrdan 2027-yil 1-sentabrga qadar maktablar, kollejlar va texnikumlarda tahsil olayotgan, 30 yoshdan oshmagan o‘quvchilarning tadbirkorlik subyektlarida kasb o‘rganish jarayonidagi mehnat daromadlariga nisbatan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda ijtimoiy soliqning 1 foizlik stavkasi qo‘llaniladi.
Magistral avtomobil yo‘llari bo‘yida ko‘chma savdo faoliyatini tashkil etgan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar esa faoliyat boshlanganidan dastlabki olti oy davomida tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi. Ushbu imtiyoz 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.
Bundan tashqari, professional va oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari hamda talabalarining ta’lim tashkilotlari hududida pullik o‘quv kurslari, sport to‘garaklari va boshqa ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishdan olgan daromadlari jami daromad tarkibiga kiritilmaydi.
Tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yoshlar uchun soliqqa tortish tartibi faoliyat turi, soliq to‘lovchining maqomi va yillik daromad miqdoriga bog‘liq. Yillik daromadi 12 000 BHMgacha bo‘lgan subyektlar uchun belgilangan tartibda aylanmadan olinadigan soliq qo‘llaniladi. Unda yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 1 foiz, yuridik shaxslar uchun esa 4 foiz stavka nazarda tutilgan. Daromad belgilangan chegaradan oshganda soliqqa tortish tartibi qonunchilikda belgilangan talablar asosida o‘zgaradi.
Ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha manzilli ishlar
Yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida 285 ming nafar ishsiz yoshning har biriga soliq organlarining 3 916 nafar mas’ul xodimi biriktirildi. Rejaga ko‘ra, oktabr oyida 128 ming, noyabr oyida esa 157 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Har haftaning payshanba kuni «Yoshlar kuni» doirasida yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning muammolarini hal etish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, har oyda kamida ikki marta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil etilmoqda.
«e-yoshlar.uz» tizimining soliq organlari ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinishi orqali yoshlar bandligini ta’minlash jarayoni raqamlashtirildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 285 ming nafar ishsiz yoshdan 24 ming nafarining bandligi ta’minlandi.
Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati
