Ijtimoiy tarmoqlarda “Bosimlar toʻxtamayapti: tadbirkor soliq xodimlaridan shikoyat qildi” sarlavhasi ostida tarqalgan material yuzasidan quyidagilar maʼlum qilinadi.
2026-10-06 19:15:00 / Qo'mita yangiliklari

Maʼlum boʻlishicha, Navoiy viloyati Zarafshon shahar Sanoat hududida joylashgan qurilish mollari savdo doʻkonidan xaridorning sotib olingan mahsuloti uchun xarid cheki berilmaganligi yuzasidan joriy yilning 10-sentabr kuni “Soliq” mobil ilovasining “Soliq Hamkor” boʻlimi orqali murojaat kelib tushgan.
Savdo doʻkonida tegishli tartibda nazorat xaridi tadbiri oʻtkazilganda ham xarid cheki berilmaganligi aniqlanib, fuqaroning murojaati asosli ekanligi oʻz tasdigʻini topgan.
Shundan soʻng, mazkur xoʻjalik yurituvchi subyektida Zarafshon shahar soliq inspeksiyasining buyrugʻiga asosan sayyor soliq tekshiruvi oʻtkazilgan.
Tekshiruv jarayonida tadbirkor tomonidan xaridorga haqiqatdan ham xarid cheki berilmaganligi tasdiqlangan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Ushbu jarayonda soliq xodimi va tadbirkor oʻrtasida boʻlib oʻtgan suhbat videokuzatuv kamerasiga qayd etilgan.
Internet foydalanuvchilaridan holat yuzasidan asoslanmagan maʼlumotlarni tarqatmasliklarini soʻraymiz.
Oʻz navbatida, soliq xizmati xodimi bilan Navoiy viloyati soliq boshqarmasi Komplayens va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimi hamda inspeksiya rahbariyati tomonidan yakka tartibda profilaktik suhbat oʻtkazilib, davlat xizmatchisi belgilangan odob-axloq va etika qoidalariga qatʼiy rioya qilishi zarurligi toʻgʻrisida tegishli tushuntirishlar berildi.
