Soliq ma'muriyatchiligini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi
2026-10-07 10:05:00 / Qo'mita yangiliklari

Soliq qo‘mitasida Soliq qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman, vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda:
- soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish,
- ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish,
- elektron xizmatlarni yanada takomillashtirish,
- soliq organlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Soliq xizmatlarini ko‘rsatishda, shu jumladan soliq to‘lovchilarning murojaatlarini qabul qilish, tahlil qilish va ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, soliq to‘lovchilarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish, uni yanada ochiq, qulay shaklga o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.Soliq to‘lovchilar tomonidan eng ko‘p beriladigan savollar va ularga rasmiy javoblarni o‘z ichiga olgan yagona axborot bazasini yaratish tashabbusiga alohida e’tibor qaratildi. Kelgusida ushbu bazadan soliq to‘lovchilarni xizmat ko‘rsatishning barcha kanallari bo‘yicha yagona va ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlash uchun aloqa markazi, elektron xizmatlar va hududiy soliq organlari ishida foydalanish rejalashtirilmoqda.
Davra suhbatida tadbirkorlarning soliq xizmatlaridan foydalanishda yuzaga kelayotgan masalalar, mavjud ma’muriy to‘siqlar va elektron xizmatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflari tinglandi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilarning takliflari umumlashtirilib, mas’ul ijrochilar belgilangan holda ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishiga kelishib olindi.


