Dori vositalari realizatsiyasida qisman sotuvni chekda toʻgʻri aks ettirish zarur
2026-09-30 10:30:00 / Qo'mita yangiliklari

Dori vositalarini donalab sotishga birlamchi oʻrami buzilmagan holda ruxsat etiladi. Joylash-oʻrash materialida dori vositasining nomi, seriyasi, yaroqlilik muddati va ishlab chiqaruvchisi koʻrsatilishi lozim.
Nizom VMQ-185, 6.04.2017-yil.
Kassa dasturini tekshirish va yangilash
Dorixonalar xizmat koʻrsatuvchi vakolatli servis tashkilotiga murojaat qilib, dasturiy taʼminot holatini tekshirishi va zarur boʻlsa, uni yangilatishi lozim. Yangilashdan soʻng kassaning toʻgʻri ishlashi, tovarlar roʻyxati hamda oʻlchov birliklari toʻgʻri sozlangani tekshiriladi.
Qisman sotuvni chekda aks ettirish
Tovar uchun belgilangan oʻlchov birligi mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodiga (MXIK) toʻgʻri bogʻlangan, chekdagi miqdor esa tanlangan birlikka mos boʻlishi kerak:
«Dona(ampula)» ampula soni boʻyicha hisob yuritilganda sotilgan dona miqdori koʻrsatiladi. Masalan, 10 ta ampula sotilsa, «Dona(ampula)» birligida miqdor — 10.
«Blister» — ushbu birlik tovar uchun sozlangan boʻlsa, sotilgan blisterlar soni koʻrsatiladi. Masalan, 3 ta blisterli qadoqdan 1 tasi sotilsa, miqdor — 1.
«Qadoq» — ushbu birlikda qisman sotuv hisobga olinganda, sotilgan qismning umumiy qadoqdagi ulushi koʻrsatiladi. Masalan, 2 ta blisterli qadoqdan 1 tasi sotilsa, miqdor — 0,5.
Chekni rasmiylashtirishdan oldin tovar nomi, miqdori, oʻlchov birligi va markirovka kodi toʻgʻri kiritilganini tekshirish zarur. Donalab yoki blisterda sotilgan qismni butun quti yoki qadoq sifatida koʻrsatish hisobda xatolikka olib keladi.
Ushbu talablarga rioya etish markirovkalangan dori vositalari harakati va qoldiqlarining aniq hisobini yuritish, markirovka tizimidagi xatoliklarning oldini olish hamda soliq hisobotlari ishonchliligini taʼminlashga xizmat qiladi.
