Soliq qo‘mitasi xodimi Avstriyada soliq siyosati istiqboliga bag‘ishlangan kursda ishtirok etdi
2026-09-21 17:05:00 / Qo'mita yangiliklari

Joriy yilning 14–18-sentabr kunlari Avstriyaning Vena shahrida Birlashgan Vena instituti (JVI) tomonidan Avstriya Federal Moliya vazirligi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va Vena iqtisodiyot va biznes universiteti hamkorligida tashkil etilgan “Future of Taxation” kursi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kursda turli mamlakatlarning moliya tizimi va soliq ma’muriyati vakillari, shuningdek, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Zamonaviy soliq tizimlarini shakllantirish, soliq siyosati va ma’murchiligini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba almashishga qaratilgan mazkur kurs doirasida soliq islohotlari, daromadlarni safarbar etish, transfer narxlash, global minimal soliq, soliq to‘lovchilar bilan hamkorlikka asoslangan muvofiqlik, soliq ma’murchiligini raqamlashtirish, shuningdek, uglerod (Carbon) soliqlari kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Kurs davomida ishtirokchilar o‘z mamlakatlaridagi soliq islohotlari va amaliyoti yuzasidan fikr almashib, turli davlatlarning tajribalarini o‘zaro taqqoslash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Zero, xalqaro tajribani o‘rganish va ilg‘or amaliyotlarni mahalliy sharoitga moslashtirish Soliq qo‘mitasining zamonaviy, samarali va raqamli soliq ma’murchiligini rivojlantirish bo‘yicha faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
