Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya soliq maʼmuriyatlari hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
2026-09-24 15:30:00 / Qo'mita yangiliklari

Londonda Soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari J. Abdiyev boshchiligidagi delegatsiyaning Buyuk Britaniya Soliq va bojxona xizmati (HMRCH) yuqori lavozimdagi vakillari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda soliq maʼmurchiligini raqamli transformatsiya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar natijalari, soliq organlari faoliyatida sunʼiy intellektdan foydalanish boʻyicha ishlanmalar hamda 2030-yilga qadar soliq maʼmurchiligini rivojlantirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari haqida batafsil ma'lumotlar berib o‘tildi.
Ayniqsa, britaniyalik hamkasblarda Oʻzbekistonning elektron hisobvaraq-fakturalarga toʻliq oʻtish va ular asosida shakllanadigan maʼlumotlardan soliq maʼmuriyatchiligida foydalanish tajribasi alohida qiziqish uygʻotdi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston delegatsiyasi Buyuk Britaniya soliq xizmatini rivojlantirish strategiyasi, soliq xavflarini boshqarish, qoʻshilgan qiymat soligʻi maʼmurchiligi hamda soliq toʻlovchilarga, shu jumladan yirik soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatish boʻyicha yondashuvlari bilan tanishdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni takomillashtirish, yirik soliq toʻlovchilar bilan ishlash, soliq xavflarini boshqarish, QQS maʼmurchiligi, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektdan foydalanish, shuningdek, mutaxassislar malakasini oshirish yoʻnalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini ta'kidlashdi.
Shuningdek, koʻp tomonlama soliq hamkorligi doirasidagi oʻzaro aloqalarni yanada mustahkamlash, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi boʻyicha Global forumi, BEPS rejasi hamda Soliq maʼmuriyatlari xalqaro tashkiloti (IOTA) doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida qiziqish bildirildi.


