AI Call-markaz: soliq toʻlovchilarni ovozli robot xabardor qiladi
2026-09-18 17:10:00 / Qo'mita yangiliklari

Soliq qoʻmitasi soliq toʻlovchilar bilan muloqotni avtomatlashtirish va soliq qarzdorligi haqida tezkor xabar berish maqsadida AI Call-markaz xizmatini yoʻlga qoʻydi.
Tizim dastlab sinov tariqasida Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanida mol-mulk soligʻidan qarzdor jismoniy shaxslar oʻrtasida qoʻllanildi.
Sunʼiy intellekt asosida ishlovchi ovozli robot soliq toʻlovchilarga avtomatik qoʻngʻiroq qilib, mavjud qarzdorlik miqdori va uni toʻlash zarurati haqida maʼlumot berdi.
Sinov natijalariga koʻra, robot orqali qarzdorligi toʻgʻrisida xabardor qilingan soliq toʻlovchilarning 52 foizi soliq qarzini toʻliq toʻladi.
Erishilgan ijobiy natijalar asosida AI Call-markaz xizmatini Respublika miqyosida joriy etish belgilandi.
Endilikda tizim barcha hududlardagi qarzdor soliq toʻlovchilarni avtomatik ravishda xabardor qilishda qoʻllaniladi.
Mazkur xizmat soliq toʻlovchilarga qarzdorlikni oʻz vaqtida bartaraf etish imkonini beradi, xodimlarning ish yuklamasini kamaytiradi hamda soliq tushumlarining oshishiga xizmat qiladi.
