RASMIY MUNOSABAT
2026-09-08 13:35:00 / Qo'mita yangiliklari

Ushbu holat yuzasidan quyidagilar maʼlum qilinadi:
Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarda keltirilgan raqamlarni tahlil qilishda baʼzi metodologik noaniqliklar mavjud. Xususan, 2025-yil 1-sentabr holatiga yoʻlovchi tashuvchi oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar 777,1 ming nafarni tashkil etgani koʻrsatilib, bu raqam umumiy roʻyxatdan oʻtgan shaxslarni anglatadi. 2025-yilning 1-yanvaridan 1-sentabrigacha esa taksi agregatorlari orqali faoliyat yuritgan oʻzini oʻzi band qilganlar soni 481 149 ta boʻlgan.
Xuddi shunday, 2026-yil 1-sentabr holatiga ham yoʻlovchi tashuvchi oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar umumiy hisobda 782,5 mingtani tashkil etmoqda. Joriy yilning 1-yanvaridan 1-sentabrigacha agregatorlar orqali faoliyat yuritganlar soni esa 481 117 tani tashkil qilgan.
Vaholanki, yoʻlovchi tashish sohasida oʻzini oʻzi band qilganlar soni 5 mingtaga ortib, taksi agregatorlar orqali yoʻlovchi tashish faoliyatini amalga oshirgan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar soni bor yoʻgʻi 32 taga kamaygan. Shuningdek, ayol haydovchilar soni 2026-yilning 8 oyida 4 107 tani tashkil etib, bu ko‘rsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan (3 753 ta) 354 ta yoki 10 foizga oshgan.
O‘z navbatida, ushbu davrda umumiy qiymati 7 168,4 mlrd soʻmlik 329,1 mln ta tashuv amalga oshirilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan tashuvlar soni 9 foizga, ularning umumiy qiymati esa 23 foizga oshgan.
Taksi agregatorlari orqali faoliyat yuritayotgan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar sonining ortib borishi bugungi kunda bozordagi tabiiy jarayonlardan biri hisoblanadi. Joriy yilning oʻtgan davridagi barqaror koʻrsatkichlarni va sohaga boʻlgan qiziqishni hisobga olgan holda, yil oxiriga qadar ham bu koʻrsatkichlarning yanada ortishi kutilmoqda.
Bu esa aholi bandligini ta'minlash, rasmiy daromad manbalarini kengaytirish hamda xizmat koʻrsatish bozorining yanada shaffoflashuviga xizmat qiladi.
