Eksport bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni so‘ndirish uchun bir martalik umumdavlat aksiyasi e’lon qilindi
2026-09-02 17:05:00 / Qo'mita yangiliklari

2027-yil 1-yanvarga qadar tadbirkorlik subyektlariga eksport operatsiyalari bo‘yicha yuzaga kelgan muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni o‘z mablag‘lari hisobidan so‘ndirish imkonini beruvchi bir martalik umumdavlat aksiyasi e’lon qilindi.
PF-176 27.08.2026-yil.
Aksiya kimlarga tatbiq etiladi?
Farmon kuchga kirguniga qadar tashqi savdo shartnomasi bo‘yicha tovar, ish yoki xizmatlar amalda eksport qilingan, biroq xorijiy kontragent tomonidan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagani sababli yuzaga kelgan va “E-kontrakt” tizimida muddati o‘tgan deb qayd etilgan debitor qarzdorliklarga.
Aksiya doirasida tadbirkorlik subyektlariga naqd xorijiy valyuta mablag‘larini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi va tegishli ishonchnomalarsiz bank kassalari orqali o‘z hisobvarag‘iga kiritish yo‘li bilan muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni so‘ndirishga ruxsat beriladi.
Mablag‘lar hisobvaraqqa kiritilgach:
- “E-kontrakt” tizimidagi muddati o‘tgan debitor qarzdorlik summasi kiritilgan mablag‘ miqdoriga mos ravishda avtomatik kamayadi;
- aktivlarni repatriatsiya qilish ta’minlanmagani uchun hisoblangan jarimaning undirilmagan qismi kiritilgan mablag‘larga mutanosib ravishda bekor qilinadi.
Bunda kiritilgan mablag‘lar eksportdan tushgan valyuta tushumi sifatida e’tirof etilmaydi hamda QQS bo‘yicha "nol" darajali stavkani qo‘llash uchun asos bo‘lmaydi.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan boshlab ayrim holatlarda tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilish ta’minlanmagani uchun jarima miqdori sud tomonidan ikki baravarga kamaytirilishi mumkin.
Buning uchun quyidagi holatlardan kamida bittasi mavjud bo‘lishi lozim:
- rezident qarzdorlikni undirish uchun o‘ziga bog‘liq barcha choralarni, jumladan sud, arbitraj yoki boshqa majburiy undirish vositalarini qo‘llagan bo‘lsa;
- tashqi savdo operatsiyasi bo‘yicha aktivlarning 50 foizdan ortiq qismi repatriatsiya qilingan bo‘lsa;
- xalqaro sanksiyalar, bank va to‘lov tizimlaridagi cheklovlar yoki valyuta operatsiyalariga oid taqiqlar tufayli mablag‘larni repatriatsiya qilish imkoniyati cheklangan bo‘lsa.
Mazkur tartiblar ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ular 50 foiz va undan ortiq ulushga ega bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
