Markirovka nazorati endi bir qadam yaqinroq
2026-08-24 14:30:00 / Qo'mita yangiliklari
#markirovka
Soliq to‘lovchilarga raqamli markirovka bilan bog‘liq xato va nomuvofiqliklarni o‘z vaqtida aniqlash hamda mustaqil bartaraf etish imkoniyatini yaratish maqsadida shaxsiy kabinetdagi «Shubhali holatlar» xizmati takomillashtirildi.
Endilikda axborot tizimi tomonidan avtomatik aniqlangan shubhali holatlarni soliq to‘lovchilar shaxsiy kabinet orqali mustaqil ko‘rishi va tahlil qilishi mumkin.
Xususan, «Shubhali» bo‘limida quyidagi holatlar aks ettiriladi:
🔹 yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlar qoldig‘i;
🔹 dublikat markirovka kodlari orqali realizatsiyasi;
🔹 korxonaga tegishli mahsulotning boshqa subyekt tomonidan realizatsiyasi;
🔹 kirimi mavjud bo‘lmagan mahsulotlarning realizatsiyasi;
🔹 markirovkalanadigan tovarlarni markirovka kodisiz (MXIK kodi bo‘yicha) realizatsiya qilish;
🔹 chakana savdoda 2D-skanerisiz (ulanmagan) mahsulot realizatsiya qilish;
🔹 «Asl belgisi» milliy axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tmagan korxonalar bo‘yicha ma’lumotlar.
Shuningdek, xizmatda yangi «Validatsiya» bo‘limi joriy etildi. Unda «Dublikat sotishga urinish», ya’ni avval realizatsiya qilingan markirovka kodidan qayta foydalanishga urinish holatlari ishlab chiqaruvchilar kesimida avtomatik shakllantiriladi.
📌 Shubhali holatlarni qayerdan ko‘rish mumkin?
my.soliq.uz → «Xizmatlar» → «Raqamli markirovkalangan mahsulotlar aylanmasi tizimi» → «Shubhali holatlar»
Mazkur imkoniyat tadbirkorlarga xato va nomuvofiqliklarni barvaqt aniqlash, ularni tekshiruv o‘tkazilgunga qadar mustaqil bartaraf etish, kelgusida bunday xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, raqamli markirovka talablariga rioya qilish, shuningdek, ortiqcha vaqt va xarajatlarning oldini olish imkonini beradi.
