Yagona vatan, yagona xalq — yagona yuksak maqsad!
2026-08-21 15:05:00 / Qo'mita yangiliklari

YAGONA VATAN, YAGONA XALQ — YAGONA YUKSAK MAQSAD!
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi mamlakatimiz boʻylab “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida keng nishonlanmoqda.
Ushbu ulugʻ sana yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, xalqimizning birdamligi va hamjihatligi, Vatanimiz taraqqiyoti yoʻlidagi ezgu intilishlarni yana bir bor namoyon etmoqda. Ayniqsa, davlat idoralari, jamoatchilik va fuqarolarning yagona maqsad va yuksak gʻoyalar atrofida birlashishi mustaqillikning beqiyos qadrini yanada chuqur his etishga xizmat qilmoqda.
Ana shunday ezgu maqsadlar yoʻlida Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasida xodimlar ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida yurtimizning shonli tarixi, bugungi taraqqiyoti, mustaqillik yillarida erishilayotgan ulkan yutuqlar, Vatanga sadoqat, xalqimizga xos mehr-oqibat va bagʻrikenglik kabi yuksak fazilatlar haqida soʻz yuritildi. Milliy qadriyatlarimiz va istiqlol gʻoyasining mazmun-mohiyatini keng targʻib etishga qaratilgan fikrlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirning badiiy qismi esa koʻtarinki kayfiyat va oʻziga xos fayz bilan davom etdi. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq artisti Mahmud Namozov oʻzining dillarga yaqin, mazmun-mohiyati chuqur va betakror kuy-qoʻshiqlari bilan tadbir ishtirokchilariga unutilmas onlarni taqdim etdi.
Mashhur sanʼatkorning joʻshqin ijrosi qalblarga iliqlik, dillarga xushnudlik va bayramona kayfiyat bagʻishlab, barchani Vatanga boʻlgan muhabbat, yurt taqdiriga daxldorlik va ezgulik tuygʻulari atrofida yanada birlashtirdi.
Zero, mustaqillik — bu nafaqat tarixiy sana, balki har bir yurtdoshimizning qalbida yashaydigan buyuk qadriyat, ertangi kunga ishonch va bunyodkorlik ruhidir.
Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va porloq kelajak sari birgalikda dadil qadam tashlaymiz!







