AI SOLIQ – sun’iy intellekt asosidagi yangi avlod raqamli platformasi
2026-07-30 10:05:00 / Press-relizlar
O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi ai.soliq.uz – sun’iy intellekt texnologiyalari asosida yaratilgan yangi avlod soliq xizmatlarini o‘zida birlashtirgan yagona raqamli platformasini ishga tushirdi.
Yangi platforma tadbirkorlar, buxgalterlar va tashkilot rahbarlariga real vaqt rejimida soliq ma’lumotlarini intellektual tahlil qilish hamda zarur tushuntirishlarni olish imkonini beruvchi zamonaviy raqamli xizmatlardan foydalanish imkonini yaratadi.
Portal orqali foydalanuvchilar bir necha soniya ichida o‘z tashkiloti faoliyatini intellektual tahlil qilishi, elektron hisobvaraq-fakturalarning yuqori xavf («qizil») toifasiga tushish sabablarini aniqlashi, soliq reytingi, amaldagi soliq imtiyozlari, soliq hisobotlari hamda soliq ma’muriyatchiligiga oid boshqa masalalar yuzasidan tushuntirishlar olishi mumkin. Barcha xizmatlar muloqot (chat) shaklida ishlaydi va tezkor, tushunarli hamda amaliy javoblarni taqdim etadi.
AI SOLIQ – bu nafaqat soliq to‘lovchilar uchun raqamli yordamchi. Platformada ilk bor Soliq qo‘mitasining sun’iy intellekt yo‘nalishidagi asosiy ishlanmalari jamlanib, soliq tizimini raqamli transformatsiya qilishning texnologik asosi aks etgan.
AI SOLIQ platformasining asosiy xizmatlari
“AI Korxona” xizmati korxonaning soliq holatini kompleks tahlil qiladi, faoliyatdagi muammoli jihatlarni aniqlaydi, ularning ehtimoliy sabablarini belgilaydi, soliq ko‘rsatkichlaridagi o‘zgarishlarni baholaydi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar beradi. Natijada tadbirkor soliq organiga murojaat qilmasdan turib, o‘z korxonasining soliq holatini mustaqil tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“AI Imtiyoz” xizmati muayyan soliq to‘lovchi foydalanishi mumkin bo‘lgan soliq imtiyozlarini tahlil qiladi, korxonaning faoliyat turidan kelib chiqib tegishli imtiyozlarni aniqlaydi, ularni qo‘llash shartlarini tushuntiradi hamda ilgari yuborilgan arizalar rad etilgan bo‘lsa, buning sabablarini tahlil qiladi. Natijada yuridik shaxs o‘zi uchun mos soliq imtiyozlarini aniqlash va qonunchilikda nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash choralaridan to‘g‘ri foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“AI Hisobot” xizmati soliq to‘lovchining hisobot majburiyatlarini sun’iy intellekt asosida tahlil qiladi, topshirilishi lozim bo‘lgan hisobotlarni, ularning davri va muddatlarini ko‘rsatadi, kechiktirilgan yoki aniqlashtirilishi zarur bo‘lgan hisobotlarni aniqlaydi hamda ehtimoliy xatolarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Natijada soliq to‘lovchi hisobotlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hozirda yana 2 ta intellektual xizmat – “AI Murojaatlar” va “AI Yordamchi” ishlab chiqilmoqda. Ular yaqin kunlarda keng jamoatchilikka taqdim etiladi.
Sun’iy intellekt texnologiyalarida axborot xavfsizligi
Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda axborot xavfsizligi ustuvor ahamiyatga ega. AI yechimlari himoyalangan axborot muhitida ishlaydi, soliq va shaxsiy ma’lumotlar tashqi platformalarga uzatilmaydi, tizimga kirish huquqlari qat’iy boshqariladi. Sun’iy intellekt tavsiyalari inson nazorati ostida qo‘llanadi, yakuniy yuridik qarorlar esa mas’ul xodimlar tomonidan qabul qilinadi.
Sun’iy intellekt inson o‘rnini egallash uchun emas, balki uning mehnat samaradorligini oshirish va ishini yengillashtirish uchun joriy etilmoqda.
Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari nafaqat biznes uchun mo‘ljallangan raqamli xizmatlarda, balki soliq organlarining ichki faoliyatida ham keng qo‘llanilmoqda. Ular mahalladagi soliq inspektorlaridan tortib Soliq qo‘mitasi rahbariyatigacha bo‘lgan barcha darajadagi xodimlarga katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, takrorlanuvchi jarayonlarni avtomatlashtirish, boshqaruv qarorlari sifatini va soliq ma’muriyatchigi samaradorligini oshirishga yordam bermoqda.
Sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish joriy yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati natijasida yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda laboratoriya soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, zamonaviy raqamli xizmatlarni rivojlantirish hamda fuqarolar va biznes uchun davlat xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan AI yechimlarini ishlab chiqish, joriy etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona markaz hisoblanadi.
AI SOLIQ platformasining ishga tushirilishi mamlakat soliq tizimini raqamli transformatsiya qilishdagi navbatdagi muhim bosqichdir. Soliq qo‘mitasi zamonaviy sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali intellektual xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytiradi hamda soliq xizmatlarining qulayligi, shaffofligi va sifatini izchil oshirib boradi.
