Soliq qo‘mitasi AI SOLIQ’ni ishga tushirdi
2026-07-29 11:05:00 / Qo'mita yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi ai.soliq.uz portalini ishga tushirdi. Mazkur yagona raqamli platforma sun’iy intellekt texnologiyalari asosida yaratilgan yangi avlod soliq xizmatlarini birlashtiradi.
Portal tadbirkorlar, buxgalterlar va korxona rahbarlariga o‘z tashkiloti faoliyatini bir necha soniya ichida intellektual tahlil qilish, elektron hisobvaraq-fakturalarning “qizil” toifaga tushish sabablarini aniqlash, soliq reytingi, soliq imtiyozlari hamda soliq hisobotlari bo‘yicha tushuntirishlar olish imkonini beradi. Barcha xizmatlar muloqot (chat) shaklida ishlaydi va foydalanuvchilarga sodda, tushunarli hamda amaliy javoblarni tezkor taqdim etadi.
Soliq to‘lovchilar uchun mo‘ljallangan xizmatlardan tashqari, portalda ilk bor Soliq qo‘mitasining sun’iy intellekt yo‘nalishidagi barcha asosiy ishlanmalari jamlangan. Platformada amaliyotga joriy etilgan yechimlar bilan bir qatorda, soliq ma’muriyatchiligini raqamli transformatsiya qilishning texnologik asosi ham namoyish etilgan.
Taqdim etilgan ishlanmalar qatoridan Soliq LLM milliy til modeli, nutq va matn generatsiyasi texnologiyalari, kompyuter ko‘rish (computer vision) hamda katta hajmdagi ma’lumotlar (Big Data) asosida ishlovchi mashinaviy o‘qitish (machine learning) yechimlari o‘rin olgan.
Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari nafaqat biznes uchun mo‘ljallangan xizmatlarda, balki soliq organlarining barcha bo‘g‘inlari faoliyatida — mahalladagi xodimlardan tortib Soliq qo‘mitasi rahbariyatigacha keng qo‘llanilmoqda. Sun’iy intellekt ma’lumotlarni tahlil qilish, takrorlanuvchi jarayonlarni avtomatlashtirish, boshqaruv qarorlari sifatini oshirish hamda xodimlar ish samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Sun’iy intellekt ekotizimini yaratish va rivojlantirish joriy yil boshida Prezidentimizning tashabbusi bilan tashkil etilgan Sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati natijasida amalga oshirilmoqda.
Mazkur laboratoriya soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, fuqarolar va biznes uchun zamonaviy raqamli xizmatlarni yaratishga qaratilgan sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish, joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha yagona markaz hisoblanadi.
Soliq qo‘mitasi kelgusida ham sun’iy intellektning zamonaviy texnologiyalarini keng joriy etish, soliq to‘lovchilar uchun intellektual xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishni davom ettiradi. Ushbu chora-tadbirlarning asosiy maqsadi biznes va fuqarolarning soliq organlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada sodda va qulay tarzga keltirish, shuningdek, ko‘rsatilayotgan soliq xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
