Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etildi
2026-06-17 14:15:00 / Qo'mita yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qaroriga muvofiq Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etildi. Yangi oliy ta’lim muassasasi soliq organlari uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, soliq sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
PQ-227-son, 16.06.2026-yil.
Soliq oliy maktabi soliq sohasida fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib boruvchi, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha respublikaning bazaviy ilmiy-metodik markazi sifatida faoliyat yuritadi.
Muassasada qonunchilik hujjatlariga muvofiq akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillik tamoyillari joriy etiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab o‘qish muddati kamida uch yil bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabalar qabul qilinadi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab magistratura hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari yo‘lga qo‘yiladi.
Soliq oliy maktabida soliqlar va soliqqa tortish, raqamli soliq ma’murchiligi, soliq huquqi hamda moliyaviy nazorat yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom bilan bir qatorda soliq maslahatchisi va auditor malaka sertifikatlarini olish uchun zarur o‘quv kurslarini tamomlaganligi to‘g‘risidagi hujjat ham beriladi.
Shuningdek, buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro sertifikatlarga (ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA, ACA) ega talabalar uchun mazkur sertifikatlarni olish bo‘yicha o‘quv xarajatlari Soliq oliy maktabi tomonidan qoplanadi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Soliq oliy maktabi uchun har yili davlat granti asosida 50 tagacha o‘rin hamda qabul kvotalari ajratiladi. Bundan tashqari, “Soliqlar va soliqqa tortish” yo‘nalishi bo‘yicha davlat buyurtmasi ustuvor ravishda mazkur ta’lim muassasasiga yo‘naltiriladi.
Soliq oliy maktabining tashkil etilishi soliq tizimi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning zamonaviy va samarali tizimini shakllantirishda muhim qadam bo‘ladi.
