Raqamli markirovka tizimida yangi oʻzgarishlar joriy etilmoqda
2026-06-15 11:55:00 / Qo'mita yangiliklari

2026-yil 1-iyuldan boshlab majburiy raqamli markirovka joriy etilgan tovarlarni elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn nazorat-kassa texnikasi orqali realizatsiya qilishda qoʻshimcha talablar joriy etiladi.
VMQ-23-son, 23.01.2026-y.
Elektron hisobvaraq-fakturalarda quyidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda tekshiriladi:
- tovar yetkazib beruvchida tegishli litsenziya, ruxsatnoma yoki xabardor qilish hujjati mavjudligi;
- subyektning “Asl belgisi” MATda roʻyxatdan oʻtganligi;
- raqamli markirovka kodlarining toʻgʻri aks ettirilganligi;
- tovarni xarid qiluvchi chakana savdo subyektining raqamli markirovka kodlarini oʻquvchi maxsus qurilmalar bilan jihozlanganligi.
Tadbirkorlarga 2D-skanerlar xarid qilishda soliq imtiyozlari taqdim etiladi.
Onlayn nazorat-kassa texnikasi cheklarida esa:
- raqamli markirovka kodi “Asl belgisi” MATda mavjudligi;
- mahsulotning MXIK kodi raqamli markirovka kodiga muvofiqligi avtomatik tarzda tekshiriladi.
Mazkur oʻzgarishlar tovarlar harakatining shaffofligini taʼminlash, noqonuniy aylanmaning oldini olish, raqamli markirovka maʼlumotlarining ishonchliligini oshirish hamda tadbirkorlik subyektlari uchun hisobga olish va nazorat jarayonlarini soddalashtirishga xizmat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, raqamli markirovka masalalari boʻyicha tezkor amaliy koʻmak olish uchun soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetidagi “Raqamli markirovka bilan ishlash” xizmati orqali Raqamli markirovka qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasiga toʻgʻridan-toʻgʻri savol bilan murojaat qilish mumkin.
Kelib tushgan savollar qisqa muddatlarda koʻrib chiqiladi hamda soliq toʻlovchilarga tegishli tushuntirish va amaliy yordam koʻrsatiladi.
