Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashi
2026-05-25 17:50:00 / Qo'mita yangiliklari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-iyuldagi 223-son qaroriga asosan Savdo-sanoat palatasi huzurida soliq, iqtisodiyot, moliya va huquq masalalari boʻyicha ekspertlardan iborat Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashi tashkil etilgan.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Ekspert kengashining asosiy vazifasi qonunchilikka muvofiq soliqqa oid nizolarni oʻrganish va vakolatli organlar uchun tavsiyaviy xususiyatga ega xulosalarni shakllantirishdan iboratdir. Nizo yuzasidan huquqiy oqibat keltirib chiqaruvchi yakuniy qarorlar esa faqat vakolatli davlat organlari tomonidan qabul qilinadi.
Xususan, mazkur qarorning 5-bandiga muvofiq, Ekspert kengashining vakolati soliq organlari qarorlaridan norozi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari murojaatlarini koʻrib chiqish hamda ular yuzasidan xulosa qabul qilish bilan cheklangan. Shuningdek, qabul qilingan xulosalar soliq, bojxona va tegishli davlat organlari tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqilishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-oktabrdagi 672-son qarori bilan tasdiqlangan “Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlangan boʻlib, 6 va 24-bandlarida Ekspert kengashi faqat xulosa berish vakolatiga ega ekanligi, nizo yuzasidan yakuniy huquqiy qaror esa vakolatli davlat organi tomonidan qabul qilinishi aniq belgilab qoʻyilgan.
Ekspert kengashi faoliyati natijalarini “bekor qilindi”, “hal etildi” yoki “qayta koʻrib chiqildi” kabi shaklda ifodalash amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vakolat doirasidan chetga chiquvchi talqin hisoblanadi hamda jamoatchilikda notoʻgʻri huquqiy tasavvur shakllanishiga sabab boʻlishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalari, axborot xizmatlari va boshqa manfaatdor shaxslardan davlat organlari vakolatlari hamda huquqiy mexanizmlarni yoritishda amaldagi qonunchilik hujjatlariga qatʼiy amal qilish, normativ-huquqiy mazmunni buzib talqin qiluvchi yoki jamoatchilikni chalgʻituvchi maʼlumotlarni tarqatishdan tiyilish soʻraladi.
Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi
