Ishbilarmonlik muhiti haqidagi ommaviy muhokamalarda muvozanatni saqlash muhim: mavjud muammolarni tan olish bilan birga amalga oshirilgan tizimli o'zgarishlarni ham inobatga olish zarur.
2026-04-24 12:25:00 / Qo'mita yangiliklari

Ishbilarmonlik muhiti haqidagi ommaviy muhokamalarda muvozanatni saqlash muhim: mavjud muammolarni tan olish bilan birga amalga oshirilgan tizimli o'zgarishlarni ham inobatga olish zarur.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda soliq yukini oshirishga emas, balki biznes uchun barqaror, shaffof va ragʻbatlantiruvchi muhitni shakllantirishga qaratilgan keng koʻlamli soliq islohotlari amalga oshirildi.
Xususan, soliq yuki sezilarli darajada kamaytirildi: QQS stavkasi 20 foizdan 12 foizga, dividendlar boʻyicha soliq 10 foizdan 5 foizga tushirildi, davlat maqsadli jamgʻarmalariga ajratmalar bekor qilindi. Kichik biznes uchun soddalashtirilgan soliq rejimi joriy etildi – yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foizgacha pasaytirildi, bu esa tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish va rivojlantirishni ragʻbatlantiradi.
QQS maʼmurchiligi tizimli ravishda isloh qilindi: barcha soliq toʻlovchilar uchun hisobga olish va qaytarishning toʻliq mexanizmi joriy etildi. Birgina, 2025-yilning oʻzidayoq tadbirkorlarga 21,6 trln soʻm mablagʻ qaytarildi, ushbu moliyaviy manba esa korxonalar faoliyatini yanada rivojlantirish imkonini berdi.
Bugun amaliyotda soliq imtiyozlarini o‘zida jamlagan kompleks meyoriy-huquqiy asoslar majmui keng qo‘llanilmoqda: jumladan, 700 dan ortiq preferensiyalar joriy etilgan boʻlib, ulardan 156 mingdan ziyod soliq toʻlovchilar 119,1 trln soʻm miqdorida foydalangan. Masalan, umumiy ovqatlanish sohasi uchun ijtimoiy soliq (1 foizgacha) va foyda soligʻi (7,5 foizgacha) stavkalari pasaytirildi, shuningdek, QQS boʻyicha keshbek mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.
Barqarorlik reytingi tizimi joriy etilib, o‘zaro ishonch tamoyili mustahkamlandi: intizomli biznes uchun qoʻshimcha preferensiyalar, jumladan, tekshiruvlarning bekor qilinishi, QQS hamda boshqa soliq turlari boʻyicha ortiqcha toʻlovlarni tezkor qaytarish imkoniyatlari yaratildi.
Shu bilan birga, raqamlashtirish izchil rivojlantirilmoqda: proaktiv hisobot tizimi joriy etilgan, soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti hamda 100 dan ortiq elektron xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu maʼmuriy yukni sezilarli darajada kamaytiradi.
Shu oʻrinda, birgina xususiy biznes qarorlarini umumiy ishbilarmonlik muhitini obyektiv baholashdan ajratib olish muhim: ayrim holatlar ya'ni, birgina mulohaza umumiy manzarani aks ettirmaydi.
Davlat siyosati izchil ravishda soliq yukini kamaytirish, biznes uchun imkoniyatlarni kengaytirish hamda maʼmurchilikni servis modeliga yo‘naltirishga qaratilgan.
Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash boʻyicha ishlar ochiq va konstruktiv muloqot asosida izchil davom ettirilmoqda.
