Soliq va tadbirkorlik sohasida qonunchilik takomillashtirildi
2026-04-23 12:35:00 / Qo'mita yangiliklari

Soliq va tadbirkorlik sohasida qonunchilik takomillashtirildi
O‘zbekiston Respublikasining “Soliq va tadbirkorlik sohasidagi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan mazkur sohada muhim o‘zgartishlar amalga oshirildi.
O‘RQ-1131-son, 17.04.2026-yil
Qonunning asosiy maqsadi - tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, soliq intizomini mustahkamlash hamda iqtisodiyotda shaffoflikni ta’minlashdan iborat.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar
Qonun bilan Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari yangi tahrirda bayon etildi:
179-modda (soxta tadbirkorlik) - javobgarlik kuchaytirildi, jumladan jarima, muayyan huquqlardan mahrum qilish va ozodlikdan mahrum qilish kabi sanksiyalar nazarda tutildi;
184-modda (soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) - jinoyat tarkibi aniqlashtirilib, jarima, majburiy to‘lovlarni undirish va ozodlikdan mahrum qilish choralari qayta belgilandi;
ilk huquqbuzarlikda zarar to‘liq qoplansa, javobgarlikdan ozod etish tartibi saqlab qolindi;
jinoyat ishlarida jamoat himoyachisi ishtiroki ta’minlandi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlar
Qonunga muvofiq MJTKning quyidagi moddalari takomillashtirildi:
174-modda - soliq huquqbuzarliklari uchun jarimalar miqdori va qo‘llash tartibi qayta ko‘rib chiqildi;
264-modda - soliq organlarining vakolatlari aniqlashtirildi;
263¹-modda - vakolatli organlar funksiyalari belgilandi.
Qonun rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Qonun soliq sohasida javobgarlik muqarrarligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va tadbirkorlik subyektlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
