Soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun jazo choralari o‘zgartirilmoqda
2026-04-22 12:00:00 / Qo'mita yangiliklari
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.
O‘RQ-1131, 17.04.2026-yil.
Unga asosan Soliq kodeksi, Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks hamda Fuqarolik kodeksiga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra:
Qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va yigʻimlar boʻyicha undirilgan mablagʻlar tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarning depozit hisobvaraqlaridan budjetga oʻtkazilgan kunga qadar shu mablagʻlar summasiga penyalar hisoblanmasligi belgilandi.
Soliq kodeksi 110-modda
Agar jismoniy shaxs tomonidan sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarlikda maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, bu huquqbuzarlik uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan javobgarlik belgilanadi.
Soliq kodeksi 212-modda
Egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqiga asosan tegishli boʻlgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi natijasida mulkdorlarga yer uchastkasiga boʻlgan huquq hamda ushbu yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlari uchun toʻlangan kompensatsiya summasi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmasligi belgilandi.
Soliq kodeksi 369-modda
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra:
Foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni qasddan yashirish, kamaytirib koʻrsatish, shuningdek soliqlarni yoki yigʻimlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlash uchun ma’muriy jarima miqdori - fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yigirma besh baravaridan 30 baravarigacha etib belgilandi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 174-modda
Fuqarolik kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra:
Koʻchmas mulk ijarasi shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi va soliq organlarida hisobga qoʻyilishi lozimligi belgilandi. Bunda koʻchmas mulk ijarasi shartnomalarini soliq organlarida hisobga qoʻyish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Soliq solish metodologiyasi departamenti
