Professional hamjamiyat bilan muloqot: Soliq qo‘mitasi JSHODS ma’muriyatchiligi va “Avtokameral” tizimini takomillashtirmoqda
2026-03-26 18:55:00 / Qo'mita yangiliklari

«Ochiq eshiklar kuni» formatida hisobchilar va soliq maslahatchilari ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda soliqqa tortishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar almashish hamda yuzaga kelayotgan muammolarga tezkor yechim topish masalalari e’tibor markazida bo‘ldi.
Xususan, joriy yil 25-fevral kuni o‘tkazilgan birinchi onlayn uchrashuvda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JShODS) bo‘yicha hisobotni proaktiv topshirish masalalari muhokama qilindi.
2026-yil 26-mart kuni navbatdagi muhokama Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ishtirokida an’anaviy formatda o‘tkazildi. Unda asosiy e’tibor avvalgi uchrashuv yakunlari va qabul qilingan qarorlar tahliliga qaratildi.
Dastlab mulk ijaraga olingan har bir hudud kesimida hisobot topshirish majburiyati masalasi ko‘tarildi. Soliq qo‘mitasi mutaxassislari ta’kidlaganidek, hisobot tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan joy bo‘yicha taqdim etiladi va har bir tumanga alohida hisobot topshirish talab etilmaydi. Bunda mahalliy byudjetga taqsimot esa avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Shuningdek, yangi hisobot tizimining texnik jihatlari ham muhokama qilindi. Xususan, 4 va 5-ilovalarni yuklash muddati oyning 15-sanasidan 9-sanasigacha cheklangani proaktiv tizimning texnik xususiyati ekani qayd etildi. Shu bilan birga, soliq to‘lovchilar ushbu muddatdan keyin ham hujjatlarni yuklash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ishtirokchilarning takliflariga asosan JShODS hisobotini to‘ldirish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqildi. Shuningdek, Soliq qo‘mitasi rahbariyati mas’ul tuzilmalar mutaxassislariga soliq to‘lovchilar uchun yanada sodda va tushunarli mazmundagi qo‘llanmalarni ishlab chiqish vazifalarini yukladi.
Muhim qadamlardan biri sifatida avval mavjud bo‘lgan cheklov bartaraf etildi – ya’ni, endilikda hisobot shakllarida xalqaro shartnomalar bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash imkoniyati yaratildi. Har bir ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risidagi bitimlar uchun alohida identifikatorlar (ID) tizimi joriy etildi, bu esa tegishli normalarni qo‘llashni ancha soddalashtiradi.
Avvalgi uchrashuvda hisobchilar jismoniy shaxs tomonidan yuridik shaxsga mulk bepul berilgan holatda ijaraning minimal stavkalari qo‘llaniladimi, degan masalani ko‘targan edi. Ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi bu holatda soliq solish yuzaga kelishini va tegishli soliq majburiyatlari belgilangan tartibda bajarilishi lozimligini tushuntirdi.
Shuningdek, avtomobillar bo‘yicha ijaraning minimal stavkalariga oshiruvchi koeffitsientlarni qo‘llash, binolarning tom qismlari va yer uchastkalariga minimal stavkalarni tatbiq etish masalalari ham muhokama qilindi. Soliq qo‘mitasi tomonlariga ko‘ra, binolar tomlari xonaning ajralmas qismi hisoblangani uchun ularga minimal ijara stavkalari qo‘llaniladi. Yer uchastkalariga nisbatan esa mazkur stavkalar tatbiq etilmaydi. Shu bilan birga, avtomobillar bo‘yicha minimal ijara stavkalariga oshiruvchi koeffitsientlar qo‘llanilmasligi qayd etildi.
Alohida ravishda JShODS bo‘yicha tuzatilgan soliq hisobotlarini qabul qilish amaliyoti muhokama qilindi. Hozirgi kunda soliq to‘lovchilar tomonidan soliq summasini ko‘payishga taqdim etilgan tuzatilgan hisobotlar bo‘yicha ayrim hollarda rad javoblariga duch kelmoqda. Jahongir Abdiyevning ta’kidlashicha, yaqin vaqtda tizimga texnik o‘zgartishlar kiritilib, imtiyozlar qo‘llanilmagan holda ko‘payishga taqdim etilgan tuzatilgan hisobotlar avtomatik tarzda qabul qilinadi.
Shuningdek, ijara shartnomalari bo‘yicha daromad olish sanasini aniqlash masalasi yuzasidan ham tushuntirishlar berildi. Qayd etilganidek, ijara shartnomasida to‘lov miqdori va muddatlari albatta belgilanadi va aynan shu ko‘rsatkichlar daromad olingan vaqtni belgilaydi. Shunga ko‘ra, soliq hisoblangan daromaddan kelib chiqib hisoblanadi, uni to‘lash majburiyati esa daromad amalda to‘langan-to‘lanmaganidan qat’i nazar, hisobot taqdim etish muddatlariga muvofiq yuzaga keladi.
Amaliy muammolarni telekommunikatsiya sohasi vakillari ham ko‘tardi. Xususan, antenna-machta inshootlarini joylashtirish uchun yer ijara shartnomalarini E-ijara tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishda yashovchi shaxs ma’lumotlarini kiritish talabi yuzaga kelmoqda. Mutaxassislarga servis funksionalini takomillashtirib, alohida foydalanish maqsadi — antenna uskunalarini joylashtirish imkoniyatini kiritish, nomuvofiq maydonlarni to‘ldirish talabini bekor qilish topshirildi.
Uchrashuv yakunida avtokameral nazorat formulalariga oid masalalar ham ko‘rib chiqildi. Eng ko‘p savol tug‘dirayotgan ayrim mezonlar bo‘yicha ularni vaqtincha qo‘llashni to‘xtatib turishga qaror qilindi. Keyinchalik ekspertlar hamjamiyati bilan muhokama o‘tkazilib, qaysi mexanizmlarni takomillashtirish, qaysilarini amalda saqlab qolish yuzasidan qaror qabul qilinadi.
Bunday uchrashuvlar Soliq qo‘mitasining professional hamjamiyat bilan ochiq muloqotga tayyorligi va soliq ma’muriyatchiligini biznesning amaliy ehtiyojlarini inobatga olgan holda izchil takomillashtirishga intilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.






