Paynet Xolis mobil ilovasidan foydalanish bo‘yicha e’lon qilingan xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
2025-12-29 18:15:00 / Qo'mita yangiliklari

Hurmatli soliq toʻlovchilar!
Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda "Paynet Xolis mobil ilovasidan foydalanish majburiy ekanligi va bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi nima der ekan” mazmunidagi xabarlar tarqalmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Soliq qoʻmitasi Matbuot xizmati quyidagilarni maʼlum qiladi:
Ushbu ilova yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning shaffof tadbirkorlik muhitini shakllantirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, soliq idoralari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning ixtiyoriy ravishda rasmiy sektorda ishlashini ragʻbatlantirish maqsadida boshqa toʻlov tashkilotlari bilan yangi ilovalar ustida izlanishlar olib borilmoqda va bu borada soliq toʻlovchilar oʻz vaqtida xabardor etiladi.
2025-yil 12-avgustdagi 247-sonli qarorda raqamli platformalar soliq organlari axborot tizimlariga toʻliq integratsiya qilingan boʻlishi va ularni yaratgan toʻlov tashkilotlari maxsus soliq rejimlari foydalanuvchilari va Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlari hisoblanmasligi lozimligi taʼkidlangan. Aynan Paynet aksiyadorlik jamiyati esa texnologik park rezidenti hisoblanmaydi.
Maʼlumot uchun, texnologik park rezidenti hisoblangan toʻlov tashkilotlari YATT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga maxsus soliq rejimi doirasida xizmat koʻrsata olmaydi.
Shu bois, soliq idoralari Paynet Xolis mobil ilovasini ixtiyoriy yuklab olishni tavsiya qilmoqda. Agarda ushbu ilovani YATT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga soliq xodimlari majburiy tarzda yuklab olishni targʻib qilayotgan boʻlsa, 1198 qisqa raqamiga yoki hududingizdagi soliq idoralariga murojaat qilishingiz mumkinligini eslatib oʻtamiz.
Maqsadimiz esa yagona – yaratilgan qulayliklardan tadbirkorlarni oʻz vaqtida xabardor qilish orqali ularning qonuniy va shaffof faoliyatiga sharoit yaratishdir!
