UYIMIZDAGI SUV QUVURLARIDAN OQAYOTGAN SUV XAVFSIZMI?
2025-08-01 16:10:00 / Yangiliklar

Xo‘sh kundalik hayotda biz iste’mol qiladigan suv gigiyenik talablarga javob beradimi? Aholiga toza suv yetkazib berishda ichimlik suvi inshootlarida qanday laborator tekshiruvlari olib boriladi? Ushbu savollarga javob olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Sanitariya-gigiyena boshqarmasi bosh mutaxassisi Olga Mirshina bilan suhbatlashdik.
Aytingchi ichimlik suvi qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak?
Ichimlik suvi xavfsiz, zararsiz, yaxshi organoleptik xususiyatlarga ega bo‘lishi va sanitariya normalariga mos kelishi kerak. Asosiy talablar uning fizik, kimyoviy va mikrobiologik ko‘rsatkichlariga tegishli.
Epidemiologik jihatdan xavfsizlik
Patogen mikroorganizmlar, viruslar, parazitlar va ularning tuxumlari bo‘lmasligi kerak.
Kimyoviy tarkibi bo‘yicha zararsizlik
Zaharli, kanserogen va radioaktiv elementlarning mavjud emasligi, shuningdek, zararli aralashmalarning ruxsat etilgan me’yorlar doirasida bo‘lishi.
Organoleptik xususiyatlar
Yoqimsiz hid, ta’m, loyqalik va rang bo‘lmasligi.
Fizik-kimyoviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha me’yorlarga muvofiqlik
Qattiqlik: 7 mg-ekv/l dan oshmasligi.
pH: 6-9 (optimal 6,5-8,5).
Umumiy mineralizatsiya: 1000 mg/l gacha (ayrim hollarda 1500 mg/l).
Oksidlanish (permanganatli): 5 mg/l dan oshmasligi.
Radiasion xavfsizlik
Radiasion xavfsizlik normalariga mos kelishi.
Mikrobiologik talablar
Kolifaglar, lyambliya sistalari va boshqa patogen mikroorganizmlar bo‘lmasligi.
Yana qanday qo‘shimcha talablar bor?
Suv tiniq, ko‘rinadigan aralashmalarsiz bo‘lishi kerak.
Nitratlar, mishyak, mis, qo‘rg‘oshin va boshqa kimyoviy moddalarning miqdori belgilangan me’yorlarga mos kelishi kerak.
Respublikamizda qancha suv inshootlari ro‘yxatga olingan?
Respublika bo‘yicha 960 ta kommunal va 4483 ta qishloq hamda idoraviy suv inshootlari ro‘yxatga olingan. Ulardan 93 tasi va 146 tasi (mos ravishda) yirik aholi punktlarini ta’minlovchi hisoblanadi va ochiq suv havzalaridan suv oladi. Qolganlari yer osti manbalaridan foydalanadi.
Respublika hududlaridagi mavjud ichimlik suvi inshootlari ustidan muntazam ravishda laboratoriya tekshiruvlari olib boriladi.
Ichimlik suvi inshootlarining vazifasi to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
Ichimlik suvi inshootlarining vazifasi aholiga beriladigan ichimlik suvini O’z Dst 950:2011 O‘zbekiston Davlat standarti talalablariga mos ravishda uzatishdadir. Ochiq suv havzalaridan olinadigan suv aholiga toza holatda yetib borishi uchun uning sifati turli usullar bilan yaxshilanadi. Tindiriladi, ko‘zga ko‘rinmas osilmalardan tozalanadi, filtrlanadi, zararsizlantiriladi va shundan so‘nggina foydalanishga ruxsat beriladi. Suvni zararsizlantirishdan asosiy maqsad, suv tarkibidagi bakteriya va viruslarni yo‘qotish, shu bilan birga aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklarni tarqalishini oldini olishdir. Bu maqsadda filtrlar, koagulyantlar, turli reagentlar, dezinfeksiya qiluvchi vositalardan foydalaniladi.
Aholini markazlashgan xo‘jalik-ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun ichimlik suv inshootlarida xlorlanadi. Foydali tomoni - suvni xlorlashdan maqsad uning tarkibini kasallik chaqiruvchi mikroorganizmlardan tozalashdir. Yirik ichimlik suv inshootlarida suvni xlorlash uchun suyuq xlor ishlatiladi. Suv xlorlangandan keyin 0,5-1 soat o‘tgach qoldiq xlor miqdori 0,3-0,5 mg/l bo‘lishi gigiyenik me’yorga to‘g‘ri keladi. Ichimlik suvi iste’molchiga yetib borgunga qadar tarkibida xlor qolmaydi. Ichimlik suvi me’yordan ortiq xlorlanmaydi.
Suvning ta’mi hamma yerda har xil bo‘lishi ichimlik suvining manbaasiga va joyiga bog‘liq.
Ba’zan uyda suv jo‘mragini ochganimizda sarg‘ish tusli, zang suv oqadi, bu normal holatmi?
Hammamizga ma’lumki, ichimlik suvi quvurlari temirdan ishlangan. Biz suvni ancha vaqt ishlatmasdan keyin kran jo‘mragini ochganimizda sarg‘ish zang rangidagi suv keladi, bu quvurning zangi bo‘lib, suv oqishi natijasida yuvilib ketadi. Zarari yo‘q.
Suv bosimi yuqori bo‘lganlgi sababli vodoprovod jo‘mragini ochganimizda suv ko‘piradi, lekin hidi bo‘lmaydi. Bu ham normal holat.
Ichimlik suvini avval tindirib, keyin qaynatilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Suv qaynatilishi natijasida choynakda oq sarg‘ish cho‘kma hosil bo‘ladi. Bu inson salomatligi uchun bezarar.
Filtrlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
Ichimlik suvi inshootlaridagi filtr stansiyalari xo‘jalik-ichimlik suvini filtrlanishini, maishiy filtrlar esa uy sharoitida suvni filtrlanishini ta’minlaydi. Maishiy filtrlar gigiyenik hamda mufoviqlik sertifikatiga ega bo‘lishi kerak.
Yuqorida keltirilgan barcha talablar suvning inson iste’moli uchun xavfsizligi va yaroqliligini ta’minlaydi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
