KIMYOVIY VOSITALARDAN NOTO‘GʻRI FOYDALANISH SALOMATLIKKA JIDDIY ZARAR YETKAZADI
2025-07-29 12:10:00 / Yangiliklar

Xo‘sh, kimyoviy vositalar haqida nimalarni bilishimiz zarur? Ulardan noto‘g‘ri foydalanish qanday oqibatlarga olib keladi? Shu kabi ko‘plab aholini qiziqtirgan savollarga javob olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Sanitariya-gigiyena boshqarmasi bosh mutaxassisi Alisher Ko‘charov bilan suhbatlashdik.
Aytingchi, hozirgi kunda qaysi sohalarda kimyoviy moddalar ko‘p qo‘llaniladi?
Albatta oxirgi yillarda kimyoviy moddalar qishloq xo‘jaligida, oziq-ovqat, qurilish, to‘qimachilik, farmasevtika, maishiy kimyo sanoatida va boshqa sohalarda keng qo‘llanilmoqda. Xullas kundalik turmushimizni kimyoviy moddalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Kimyoviy moddalar haqida tushunchaga ega bo‘lmaslik qanday oqibatlarga olib keladi?
Kimyoviy moddalar va ularning hususiyatlarini bilmaslik salomatlik va atrof-muhit uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu zaharlanish, kasallik, shuningdek, baxtsiz hodisalar va ekologik ofatlar bo‘lishi mumkin.
Kimyoviy moddalardan noto‘g‘ri foydalanish og‘ir kuyishlar, nafas olish muammolari, yurak-qon tomir kasalliklari va hatto o‘limgacha olib kelishi mumkin.
Oddiygina kundalik turmushda foydalanilayotgan yuvish vositalari xonadon bekalarining ish samarasini beqiyos darajada oshirayotgani sir emas. Bog‘ va dalalardagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirishda, o‘simliklarning turli kasalliklari va zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashishda erishilayotgan yutuqlar talaygina.
Qurilish materiallarining atrof muhitga salbiy zaharli ta’sirlari, yuvish vositalaridan to‘g‘ri foydlanmaslik, meva va sabzavotlarni zararkunandalardan saqlash maqsadida qo‘llaniladigan kimyoviy moddalar oqibatida foydalanuvchilarga yetadigan zarar va yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari tarkibida qolayotgan zaharli ximikatlar qoldiq miqdorining me’yoridan yuqori bo‘lishi odam organizmida yig‘ilib, qaytarib bo‘lmaydigan darajadagi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Yana bir muhim muammo shundaki aholi bu kimyoviy vositalarni nima uchun yaratilgani, qaysi yo‘nalishlarda va qanday foydalanish kerakligi haqida tushunchaga ega emas.
Kimyoviy yuvish vositalaridan foydalanish uy tozalash ishlarini ancha osonlashtirishi mumkin, lekin xavfsizlikni yodda tutish kerak.
Kimyoviy yuvish vositalaridan to‘g‘ri foydalanishning qanday qoidalari bor?
Kimyoviy moddalardan foydalanganda bir qator xavfsizlik qoidalariga rioya qilish kerak. Bular:
1. Terini, ko‘zni va burun shilliq pardasini ta’sirlanishdan saqlanish uchun doimo rezina qo‘lqop, niqob va himoya ko‘zoynaklari bilan ishlang.
2. Kimyoviy vositalarni aralashtirish mumkin emas, ayniqsa xlorlilarini aralashtirmang. Bu xavfli gazlar ajralib chiqishiga olib kelishi mumkin.
3. Xonada yaxshi havo aylanishini ta’minlang, derazalarni oching yoki havo tortish moslamasini yoqing.
4. Har bir vositaning o‘ramidagi ko‘rsatmalarni diqqat bilan o‘qing va ularga rioya qiling.
5. Yuvish vositalarini bolalar va uy hayvonlari yeta olmaydigan joyda saqlang.
Yodda tuting, yuvish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish nafaqat tozalikni ta’minlaydi, balki salomatligingizni ham himoya qiladi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
